08:02 / 01.03.2019
53074

Rossiya raketalarining AQShgacha yetib borish vaqti ma'lum qilindi 

Foto: tvzvezda.ru/

Rossiyaning gipertovushli raketasi “Avangard” AQSh hududiga taxminan 15 daqiqada yetib boradi. Bu haqda Shimoliy Amerika harbiy-koinot mudofaasi qo‘mondoni general Terrens OʼShonessi ma'lum qildi, deb xabar berdi The Washington Times nashri. 

General AQSh senatidagi chiqishida Rossiyaning noyadroviy quroli imkoniyatlari haqida so‘zlab bergan va AQSh raketalarga qarshi mudofaasining bu tahdidlarga qarshi tura olishga qanchalik qodirligiga baho bergan.  

Uning ta'kidlashicha, Rossiyaning “Avangard” va boshqa snaryadlari AQSh raketalarga qarshi mudofaasini yorib o‘tib, mamlakat ichkarisidagi mo‘ljallarni ham yo‘q qilishi mumkin.

OʼShonessining aytishicha, “Kalibr” raketa majmualari mamlakatning shimoliy sarhadlariga tahdid soladi va zarba berishda yuqori aniqlikka ega.

Harbiy, shuningdek, “Severodvinsk” sinfidagi submarinaga e'tibor qaratdi. Ta'kidlanishicha, ular avvalgi suv osti kemalaridan ancha shovqinsiz harakat qiladi.

AQSh uchun Rossiya harbiy sanoatining xavfli ishlanmalaridan Tu-160 va Tu-95 bombardimonchilari va uzoq ta'sir doirasiga ega raketalari ham qayd qilib o‘tilgan.

20 fevralda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Federal yig‘in oldidagi nutqida “Avangard”ning yaratilishini Yerning birinchi sun'iy yo‘ldoshini yaratishga taqqoslash mumkinligini aytgan. Avvalroq u majmuaning qanotli jangovar bloki tovush tezligidan 20 marta tezroq ucha olishi, “u mo‘ljalga meteorit, olovli shar kabi uchishi”, “blok esa shunday katta tezlikda ishonchli boshqarilishini” qayd qilib o‘tgan.    

Mavzuga oid
Top