23:05 / 01.03.2019
10786

Xitoyda 23 mln kishiga samolyot va poyezdlarga chiptalar xarid qilish taqiqlandi 

Xitoyda 2018 yilda 23 mln kishiga qoidabuzarliklar uchun jazo sifatida samolyot va poyezdlarga chiptalar xarid qilish taqiqlab qo‘yildi. Bu haqda The Guardian nashri xabar berdi. 

Nashrning ta'kidlashicha, bunday choralar mamlakatda “ijtimoiy kredit” tizimini qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘zda tutilgan. U qonunga amal qiluvchi fuqarolarga imtiyozlar berish va qoidabuzarlarga turli to‘siqlar qo‘yishni nazarda tutadi. Jumladan, soliqni to‘lamaydiganlar, yolg‘on axborot tarqatuvchilar, giyohvandlar yoki poyezdda tamaki chekuvchilar yoxud itini tasmasiz sayr qildiruvchilarda muayyan muammolar paydo bo‘lishi mumkin. 

Yanada aniqroq aytilsa, 17,5 mln xitoylik samolyotlarga, 5,5 mln nafari tez yuruvchi poyezdlarga chipta xarid qila olmagan. Avvalroq Xitoyning rivojlanish va islohotlar ishlari bo‘yicha davlat qo‘mitasi bunday taqiqlovlar bir yilgacha belgilanishi mumkinligini ma'lum qilgan.  

Xitoyda “ijtimoiy kredit” qoidalarini buzganlik uchun boshqa jazo turlari ham mavjud. Misol uchun, fuqarolarga ma'lum muddatga sug‘urtani rasmiylashtirish, ko‘chmas mulk xarid qilish yoki investitsiyaviy loyihalarda ishtirok etish taqiqlanishi mumkin.

Xitoy hukumatining ta'kidlashicha, ushbu tizim o‘z mevasini bermoqda. Jumladan, 3,5 mln fuqaro va kompaniyalar soliqlarni to‘lashgan va qarzlarini qaytarishgan.

Top