18:53 / 02.03.2019
15304

OFK reytingi. O‘zbekiston klublarining OChL kvotasi kamayishi mumkin

Foto: Getty Images

Dushanba, 4 mart kuni Osiyo Chempionlar Ligasi guruh bosqichi start oladi.

Demak, OFK klublar reytingiga e'tibor qaratish uchun qulay fursat keldi, deb yozadi Futbolium telegram-kanali.

Oldin reytingning asosiy tamoyillarini eslab o‘tamiz:
- u so‘nggi 4 yillik natijalar asosida tuziladi;
- unda faqat klublarning OFK turnirlaridagi natijalari hisobga olinadi;
- 2019 yil yakuniga ko‘ra, 2021 va 2022 yillar uchun kvotalar aniqlanadi.

Ayni paytda, G‘arbiy mintaqada O‘zbekiston 6-o‘rinni egallab, kvotaning 1+2 dan 1+1 ga tushib qolish xavfi ostida turibdi (ya'ni guruh bosqichida 1 klub + saralash bosqichida 1 klub).

O‘zbekiston 5-o‘rinni egallab turgan Iroqdan 2 ball orqada boryapti. Endi kelgusidagi kvotalar taqdiri «Lokomotiv» va «Paxtakor»ga bog‘liq bo‘lib turibdi. Guruh bosqichida Iroq 1ta klub «Az-Zavra» bilan ishtirok etmoqda, demak, uning har 1 ochkosi mamlakat reytingiga 1 ball keltiradi. O‘zbekiston klublarining har bir turda to‘plagan ochkosi 2ga bo‘linadi, chunki klublar tomonidan to‘plangan ochkoni o‘rtacha miqdori reytingda hisobga olinadi.

O‘zbekiston reytingda 4-o‘rinni egallab turgan BAAga (kvotasi 2+2) yetib olishi juda qiyin. Biz ulardan 12 ball orqada qolyapmiz. Ammo 5-o‘rinda turgan Iroqdan o‘zib ketish uchun yaxshi imkoniyatga ega. Agar yil oxiriga qadar shu voqea yuz bersa, O‘zbekiston 2021 va 2022 yillarda ham 1+2 kvotaga ega bo‘ladi.

Top