00:22 / 03.03.2019
6240

Afsonaviy Federer faoliyatidagi 100-unvonni qo‘lga kiritdi

Foto: EPA-EFE/ALI HAIDER

Afsonaviy tennischi Rojyer Federer Professional tennischilar assotsiatsiyasining Dubayda o‘tgan musobaqasi g‘olibi bo‘ldi. 

37 yoshli Federer finalda gretsiyalik Stefanos Tsitsipas ustidan 6:4, 6:4 hisobida g‘alaba qozongan. 

Bu Federer uchun faoliyatidagi 100-unvon bo‘ldi. U amerikalik Jimmi Konnorsdan keyin ATP’ning 100 ta musobaqasida g‘olib bo‘lgan ikkinchi tennischi bo‘ldi. Konnors zamonaviy tennisda g‘alabalar bo‘yicha rekordchi hisoblanadi. Uning hisobida 109 ta unvon bor.

Federerga “Katta dubulg‘a” seriyasiga kiruvchi musobaqalardagi g‘alabalar bo‘yicha rekord tegishli. U bu seriyaning 20 ta musobaqasida g‘olib bo‘lgan: Avstraliya ochiq chempionatini 6 marta, Fransiya ochiq chempionatini bir marta, Uimbldonni 8 marta va AQSh ochiq chempionatini 5 marta yutgan. 

Shveytsariyalik tennischi, shuningdek, ATP reytingining eng yuqori pog‘onasini egallab turish haftalari bo‘yicha rekordchi hisoblanadi (310 hafta).

Mavzuga oid
Top