19:14 / 05.03.2019
2950
Birja savdolarida qimmatbaho metallarni sotish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan “O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” AJ birja savdolarida qimmatbaho metallarni sotish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, qimmatbaho metallarni ishlab chiqaruvchilar yoxud birja savdolarining boshqa ishtirokchilari - birjaning yetkazib beruvchilari normativ hujjatlar talablariga va namunaga muvofiq qimmatbaho metallardan plastinalar, quymalar, granulalar ishlab chiqarilishini ta'minlaydilar.

Buyurtmalardan hamda bozordagi talab va taklif kon'yunkturasidan kelib chiqib ishlab chiqaruvchilar qimmatbaho metallardan quyidagi o‘lchov og‘irligidagi o‘lchov plastinalari, quymalarni ishlab chiqaradilar: oltindan - 5 gramm, 20 gramm, 50 gramm, 100 gramm, 250 gramm, 500 gramm va 1000 grammli, shuningdek, kumushdan — 100 gramm, 250 gramm, 500 gramm va 1000 grammli.

Sanoatda ishlatiladigan mahsulotlarni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan ishlab chiqaruvchilar, shuningdek, yuridik shaxslar va yakka tadbirkorlar - qimmatbaho metallardan zargarlik buyumlari va boshqa buyumlar ishlab chiqaruvchilar birja savdolarida qimmatbaho metallarning xaridorlari hisoblanadilar.

Zargarlik buyumlari va boshqa buyumlar ishlab chiqaruvchilar savdolarda ishtirok etish uchun birjaga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligi tomonidan beriladigan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan zargarlik buyumlari va boshqa buyumlar ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani taqdim etishlari kerak.

Sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar savdolarda ishtirok etish uchun birjaga Agentlikning Davlat asillik palatasi tomonidan beriladigan ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasini taqdim etishi kerak.

Birja savdolari har kuni (dushanbadan jumagacha) birja savdolari elektron tizimidan foydalangan holda o‘tkaziladi.

Hujjatga muvofiq, birja savdolarida sotib olingan qimmatbaho metallarni eksportga sotish mumkin emas.

Mahsulotlarni iste'molchilarga yetkazib berish birja yetkazib beruvchilari tomonidan 100 foizli oldindan haq to‘lash shartlarida amalga oshiriladi. Qonun hujjatlariga muvofiq birja savdolarida sotiladigan qimmatbaho metallarga qo‘shilgan qiymat solig‘i va aksiz solig‘i solinmaydi.

Top