8535.74 USD +17.06

9566 EUR -86.52

132.57 RUB +1.24

10746.5 GBP -101.19

10:50 / 06.03.2019 196157

Karimova ishi. Talon-toroj etilgan pullar nimalarga sarflangan?

Foto: Yves Forestier / Getty Images

O‘zbekistonda yana Gulnora Karimova mavzusi barchaning diqqat-markazida bo‘lib turibdi. Respublika Bosh prokuraturasi unga nisbatan qo‘llanilgan jazo ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilgani to‘g‘risida axborot berdi.

Mahkama xabarida aytilishicha, G.Karimova jazoni o‘tash davrida sud tomonidan o‘rnatilgan cheklovlarni muntazam ravishda buzib, o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmagan. U jazoni o‘tash tartibi va shartlarini qasddan buzishda davom etgan, muntazam ravishda aloqa vositalaridan, shu jumladan, Internetdan foydalangan, jinoyat ishi bo‘yicha aniqlangan o‘zi tomonidan yetkazilgan zararning qoplanishiga faol to‘sqinlik qilgan.

Bir qarashda oddiydek tuyulgan majburiyatlar bajarilmagan. O‘z navbatida, G.Karimovaning o‘g‘li Islom so‘nggi vaqtlarda onasiga bosim bo‘layotgani haqida jar solgandi. Biroq, Karimovaning o‘zi belgilab qo‘yilgan tartibni buzib, majburiyatlarini bajarmasa, yana qanday bosim haqida gapirish mumkin?!

2017 yilning yozida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Gulnora Karimova ishi bo‘yicha ma'lumot berdi. U 2015 yilning avgustida, ya'ni birinchi prezident Islom Karimov davrida qator moliyaviy jinoyatlarda aybdor deb topilgan va ozodlikdan mahrum etilgan.

Sir emaski, so‘nggi vaqtlarda Gulnora Karimovaning o‘g‘li qator bayonotlar bilan chiqdi. O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: nima uchun uning o‘g‘li Londonda istiqomat qilib, O‘zbekistonda onasi bilan bo‘layotgan holatga balandparvoz bayonotlar bilan javob qaytarmoqda? O‘zbekistonga kelib, haqiqiy holat bilan tanishish vaqti yetgandir, balki. Yoki u shunday tarzda ish tutib, nimalarga xalaqit bermoqchi?!

Oddiy fuqaroda shunday tasavvur paydo bo‘ladiki, Islom va G.Karimovaning qizi Imon o‘z vaqtida reyderlik va talon-taroj yo‘li bilan orttirilgan hamda O‘zbekistondan olib chiqib ketilgan, ayni damda chet el banklarida saqlanayotgan pullarni O‘zbekiston budjetiga qaytarilishiga qattiq to‘sqinlik qilishayotgandek. Tinimsiz balandparvoz bayonotlar bilan chiqishlar qilinishi shundan darak bermoqda.

Boz ustiga, Imon va Islomning inson huquqlari toptalib orttirilgan boyliklarini himoya qilish uchun kun tartibiga inson huquqlarini pesh qilib, o‘zlarini himoya qilishga urinishlari juda ham kulgili. Ayniqsa, Londonda istiqomat qilib.

Shu narsa aniqki, O‘zbekistonda bugungi kunda Gulnora Karimova tomonidan talon-toroj etilgan va o‘z haqlarini qaytarib ololmagan yuzlab kompaniya hamda minglab kishilar bor. Ular sabr qilib, adolat qaror topishiga umid qilib yashayapti.

Gulnora Karimova va uning o‘g‘li hamda qizi nima uchun kurashayotganini aniq tushunish uchun, u tomonidan talon-taroj qilingan, minglab tadbirkorlardan reyderlik yo‘li bilan egallab olingan boyliklarning yuzdan bir qismiga qarash kifoya qiladi.

Quyida Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk haqida qisqacha ma'lumot beriladi:

25 Chesham street, London manzili bo‘yicha 4 qavatli uyning 1, 3, 4 qavatlari.

Gonkongdagi ko‘chmas mulk

80A Moon Tower, The Arch, 1 Austin Road West, Kowloon, Hong Kong manzili bo‘yicha joylashgan «Arka» turar joy kompleksidagi pentxaus

BAAdagi ko‘chmas mulk

Crescent Road West, The Palm Jumeirah, Dubai, United Arab Emirates, P.O.Box: 27722, Dubai, United Arab Emirates manzili bo‘yicha joylashgan «JUMEIRAH ZABEEL SARAY» mehmonxona kompleksida joylashgan 31- va 33-sonli villalar (Zabeel Saray Royal Residence, Villa # 31, 33). Boshlang‘ich narxi 43 mln dollar bo‘lgani holda, 36,9 mln dollarga sotib olingan.

UAE, Dubai, Emirates Hills First, Bonnington tower Bldg, penthouse 4001—4003 manzili bo‘yicha joylashgan «Bonnington, Jumeirah Lakes Towers» nufuzli turar joy kompleksida joylashgan 4001, 4002, 4003-sonli uchta pentxaus.

«The PALM JUMEIRAH» birinchi yo‘nalishida qiymati 13,1 mln dollar bo‘lgan yer uchastkasi.

Dubayning «DUBAI MARINA» tumanida joylashgan «DAMAC HEIGTS» osmono‘par minorasidagi ikkita kvartira. Jumayra Palma oroliga qaragan bu minorada 3, 2 va 1 yotoqxonali, dunyodagi eng eksklyuziv pentxauslar, duplekslar bor.

«DAMAC HEIGTS» osmono‘par minorasi

Fransiyadagi ko‘chmas mulk

Parij yaqinida, Château de Groussay rue de Versailles 78490 Montfort l´Amaury manzilida joylashgan uy (shato) 2011 yilda tegishli yer uchastkasi bilan 30 mln yevroga sotib olingan.

Parijdagi kvartira: Monyry 75015 Paris manzili bo‘yicha (Mareshal Monori prospekti, Parij, Il-de-Frans). Kvartira 2007 yilda 30 mln yevroga xarid qilingan.

34 LOT Chenarae 1, 83580 Gassin manzili bo‘yicha joylashgan, San-Tropedagi villa. 2010 yilda 2,5 mln yevroga sotib olingan.

San-Tropedagi villa

Rossiyadagi ko‘chmas mulk

Rublyovkadagi uy

Moskva, Sivashskaya ko‘chasi, 6/1-uy, 58-kv. manzili bo‘yicha joylashgan bir xonali kvartira.

Moskva shahri, Krasin ko‘chasi, 21-uy, 1-qavat manzili bo‘yicha uch xonali kvartira.

Moskva, Komsomolskiy prospekt, «Kamelot» turar joy kompleksi, 32-uy, 122-kv. manzili bo‘yicha joylashgan, umumiy maydoni 420 kvadrat metr bo‘lgan uch darajali kvartira

Qrim Respublikasi, Yalta shahri, Beregovoye, Kiparisnaya ko‘chasi, 15-korpus manzili bo‘yicha Qrimdagi pansionat

Qrim Respublikasi, Yalta shahri, Beregovoye, Kiparisnaya ko‘chasi, 50a-uy manzili bo‘yicha joylashgan Qrimdagi mehmonxona

Shveytsariyadagi ko‘chmas mulk

7 Chemin De La Prévôté, Cologny, Geneva manzili bo‘yicha Jyeneva shahridagi ikki qavatli villa.

Jyeneva kantoni ko‘chmas mulk reyestrida umumiy maydoni 2473 kvadrat metr bo‘lgan, ikki uy va uchta qo‘shimcha binoni (garaj, issiqxona va yana bitta kichik bino) o‘z ichiga olgan inshoot hamda yer uchastkasi bor. Shveytsariya matbuoti ma'lumotlariga ko‘ra, G.I. Karimova uyning rasmiy egasi sanaladi, u bu hashamatli turar joyni 2009 yilda 18,2 mln dollarga sotib olgan.

Fransiyadagi villa

Gulnora Karimovaning Sijjak posyolkasidagi qarorgohi  

G.Karimovaning «Bombarder global ekspress» samolyoti, 48 mln dollarga sotib olingan

Xorijiy banklarda saqlanayotgan ko‘plab oltin yombilar

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2015 yil 21 avgustdagi hukmi bilan G.Karimova ayblanayotgan jinoyatlar — jumladan, 2 trln. 91,4 mlrd. so‘mlik soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashni sodir etishda aybdor, deb topilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha davlat va fuqarolar manfaatlariga yetkazilgan zararning umumiy summasi 1 trln. 270 mlrd. 200 mln. so‘m, 1 mlrd. 651,8 mln. AQSh dollari, 26,1 mln. yevro — milliy valutada jami 3 trln. 746,8 mln. so‘mni tashkil etadi.

Bu pullarga quyidagi ishlarni amalga oshirish mumkin edi:

- 34 ming kam ta'minlangan oilaga 2 sotixli namunali uy-joy xarid qilish;

- 20 ming 200 oilaga 4 sotixli 4 xonali namunali uy-joy xarid qilish;

- Toshkent propiskasini qo‘lga kiritish imkonini beruvchi yangi uylardan – 10.008 ta xarid qilish;

- 12,5 ming km qishloq yo‘llarini asfalt qilish;

- 1 milliard so‘mlik zamonaviy qishloq maktablardan 3746 ta barpo etish;

- 1441 ta Mirobod tumanidagi Sh.Rashidov nomidagi zamonaviy mahalla markazi singari yangi mahalla guzarlari bunyod etish;

- umumiy qiymati 254,5 mln. AQSh dollari bo‘lgan «Salomatlik-3» loyihasini to‘liq 3,5 marta amalga oshirish mumkin: bunda respublikamizdagi 172 ta tuman va shaharlardagi tibbiyot birlashmalariga o‘rtacha qiymati 700-750 ming AQSh dollarni tashkil etadigan jihozlar 3,5 martadan yetkazib beriladi.

- margarin, quyultirilgan sut va mayonez ishlab chiqaruvchi zavoddan 918 ta qurish va hokazo.

Gulnora Karimova ishi bo‘yicha shoshma-shosharlik bilan balandparvoz bayonotlar berish emas, balki davlat va fuqarolar manfaatini o‘ylab ish tutish lozim. U tomonidan yetkazilgan zararni, xorijda saqlanayotgan millionlab dollar mablag‘larni O‘zbekistonga qaytarib, mamlakat ravnaqi yo‘lida sarflash darkor.

Shuni alohida ta'kidlash lozimki, Gulnora Karimova birinchi prezident Islom Karimov O‘zbekiston rahbari bo‘lgan vaqtda qator moliyaviy jinoyatlarda aybdor deb topilib, ozodlikdan mahrum etildi.

O‘z navbatida, O‘zbekistonning amaldagi prezidenti Shavkat Mirziyoyev davrida esa unga tayinlangan jazo ozodlikni cheklash jazosiga almashtirildi.

Biroq, Gulnora Karimova xuddi avvalgidek qonunlarga mensimaslik bilan qarab, buni xuddi bo‘lishi kerak narsadek qabul qildi. Vaholanki, O‘zbekistonda 2 yildan beri barcha qonunlar hamma uchun barobar ishlay boshladi.

Afsuski, u berilgan imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanmadi.

Top