17:20 / 06.03.2019
23949

Yevropa endi «Real»nikimas. «Qirol»ning «taxtdan qulashi» haqida

«Real» Chempionlar Ligasidagi ishtirokini bu safar 1/8 finaldayoq yakunladi. Ha, futbol tarixidagi eng mashhur klub oxirgi yillarda «o‘ziniki qilib olgan» musobaqani 1/8 finalda yakunlashi katta sensatsiya bo‘ldi. «Ayaks»da yaxshi avlod shakllangani, har bir chiziqda ajoyib futbolchilar jamlangani bor gap, lekin «Real»ning Chempionlar Ligasida har qanday jamoaga yutqazishini sensatsiya deyish mumkin. Axir Madrid oddiy jamoa emas, musobaqaning oxirgi uch mavsumdagi g‘olibi! Quyida «Blankos»ning Yevropada o‘rnatgan «hukmronligi» va uning qanday «qulagani» haqida mulohaza yuritsak.

12 yil kutilgan «desima»

Foto: Reuters

«Real» 2001/02 yilgi mavsumda Chempionlar Ligasida g‘olib bo‘lgach, ko‘hna qit'aning eng nufuzli musobaqasidagi sovrinlari sonini 9taga yetkazib olgandi. Turgan gapki, «Galaktikos» muxlislari keyingi mavsumdayoq sovrinlar soni 10taga yetishini va «desima»ni (ispancha «o‘ninchi») tezroq nishonlashni orzu qila boshlashdi. Biroq ular keyingi sovrinni 12 yil kutishga majbur bo‘ldilar. Bu orada Peres murabbiylikka kimlarni olib kelmadi deysiz.

2013 yilda «Blankos»ni ungacha ikki marta Chempionlar Ligasida g‘olib bo‘lgan Karlo Anchelotti qabul qilib oldi. «Papa Karlo» bilan Madrid nihoyat YeChLdagi 10-sovrinni qo‘lga kiritdi. Butun dunyodagi sharhlovchilar Ronaldu «Atletiko»ga qarshi finalda 4-golni urgach, «Desima» deb hayqirishdi. Aynan o‘sha o‘yindan «Real»ning Yevropadagi gegemonligi boshlangandi. Orada «Barselona»dagi «uch mushketyorlar» porlashini inobatga olmasak, albatta.

O‘zingdan chiqqan baloga...

Foto: Reuters

Uzoq kutilgan sovrinni qo‘lga kiritgach «qonning hidini sezgan» «Real» Chempionlar Ligasining 2014/15 yilgi mavsumini ham favorit sifatida boshladi. Biroq, yarim finalda «Real»ni o‘z futbolchisi to‘xtatib qoldi. Ha, gap Alvaro Morata haqida ketmoqda. «Real» yarimfinalda «Yuventus»ga duch keladi. Turinda «Yuve» 2:1 hisobida g‘alaba qozonadi va gollardan biriga «Real»dan ijara asosida «Yuventus»ga o‘tgan Alvaro Morata mualliflik qiladi. Madridda ham «Real» o‘zi uchun qulay 1:0 hisobida g‘alaba qozonayotganda Morata yana gol urib, o‘tgan yil o‘zi tarkibida YeChL bosh sovrinini boshi uzra ko‘targan «Real»ni yarim finalda qoldirib ketadi. Bu o‘yinlarni bejizga eslamayapmiz. Aynan 2014/15 yilgi mavsumda «Real» oxirgi marta Chempionlar Ligasida g‘olib bo‘lmagandi.

Zidanning het-trigi

Foto: © Getty Images

2016 yilning 4 yanvarida «Real» oxirgi 10 yillikdagi eng to‘g‘ri tayinlovni amalga oshirib, Zinedin Zidanni bosh murabbiy sifatida e'lon qildi. Rafael Benites tushunarsiz holatga keltirib qo‘ygan jamoani qabul qilib olgan Zidan mavsum oxirida Chempionlar Ligasida g‘olib bo‘ldi. «Real» Zidan davrida nimaning evaziga Yevropa taxtini bunchalik mustahkam egallaganiga javob topsak, «Ayaks» nega bugun «Real»ni musobaqadan chiqarib yuborganini anglash ham osonroq bo‘lardi.

Zidan «Real»da qilgan eng asosiy ishi shuki, u barcha bilan yaxshi muomalada bo‘ldi. Undan keyin kelgan murabbiylar doim kim bilandir chiqisha olmadi va bu natijalarga ta'sir qildi. Masalan, Solari Isko va Marseloni zaxiraga o‘tqazib qo‘ydi. Beyldan ham foydalana olmayapti. Lopetegi umuman «Real»da nima qilib yurganini o‘zi ham tushunmagan. Lekin Zidan birinchi navbatda «Real» kiyinish xonasiga salobat olib kirgandi. O‘z vaqtida dunyoning eng zo‘r o‘yinchisi bo‘lgan, jahon chempioni, futboldan ham mardlarcha chiqib ketgan Zidanning obro‘si uning eng katta yutug‘i edi.

Biroq Zidan faqat futbolchilikdagi nomi bilan natija ko‘rsata olmasdi. Zizu davrida «Real»da hammasi yaxshi edi deyish to‘g‘ri emas. U muammolarni sezib, vaqtida ketdi deganlar ham topiladi. Zidan La Ligada «Barselona»dan 17 ochko ortda qolib ham Chempionlar Ligasini yutishi murabbiy mavjud bo‘lgan resurslardan unumli foydalanganidan dalolat. Zidan o‘zi uchun eng muhimi nima ekanini aniq belgilab olgandi. Shu sabab Ronalduga La Liga o‘yinlarida qo‘rqmay dam beraverdi. Asosiy maqsad qilib Chempionlar Ligasini tanladi.

Albatta, bu gaplar Zidanning uchinchi mavsumi haqida. U «Real»dagi ilk mavsumida Chempionlar Ligasini yutish bilan birga «Barselona»ga La Liga chempionlik poygasida yaxshigina qarshilik ko‘rsatdi (Yakunda «Barselona» 91, «Real» 90 ochko to‘plagandi). 2016/17 yilgi mavsumda esa Zidan ham YeChLda, ham La Ligada g‘olib bo‘ladi. O‘tgan mavsum avvalidan «Real»da muammolar ko‘zga tashlana boshladi. Ketma-ket duranglar, «Betis», «Jirona» kabi jamoalarga qarshi mag‘lubiyatlar «Real»da muammolar borligini ko‘rsatib qo‘ydi. Jamoa chempionatdagi ikki klasikoda ham mag‘lub bo‘ldi. La Ligani uchinchi o‘rinda, «Barselona»dan 17 ochko kam to‘plagan holda yakunladi. Bularning barchasini esa bitta narsa yuvib ketdi: «Real» yana Chempionlar Ligasida g‘olib bo‘ldi. Xuddi Zidan «O‘lsak o‘lamiz, lekin Chempionlar Ligasini yutamiz» degandek. Undan keyingi murabbiylar esa kamchiliklarni ko‘rsatib qo‘yishdi. Axir hamma ham Zidan bo‘la olmaydi-da!

Qisqasi, Zidan hech kimdan qo‘rqmagan holda jamoaning kuchiga to‘g‘ri baho bera olgandi. «Real» o‘tgan mavsumda ham ko‘p yutqazgan bo‘lishi mumkin, lekin asosiysi, qachon yutqazmaslik kerak ekanini bila oldi. Masalan, «Barselona» Chempionlar Ligasida bir marta mag‘lub bo‘ldi. U ham bo‘lsa «Roma»ga qarshi chorak finalning javob bahsida. Shu bitta mag‘lubiyat kataloniyaliklarning YeChLni chorak finalda yakunlashi uchun kifoya qildi. «Real» esa o‘tgan yilgi YeChLda ikkita o‘yinda yengilgan bo‘lsa-da, bu jamoaning musobaqada g‘olib bo‘lishiga xalaqit bermadi.

Zidan vaqtida ketdimi?

Foto AFP

Zidan nega «Real»dan ketganining asl sababini murabbiyning bir necha yildan so‘ng yozilgan avtibiografiyasida o‘qib qolarmiz. Hozircha esa faqat taxmin qilishimiz mumkin, xolos. Ular orasida jamoadagi muammolarni bilgani uchun ketdi degan tusmol ham yo‘q emas. Albatta, Zidan muammo boshlanadi deb qochib qolmagan. Masalan, mavjud muammolarni tuzatish uchun Peres bilan kelisha olmagan bo‘lishi mumkin. Chunki, Peres anchadan buyon katta transferlarni amalga oshirmayapti. Zidan YeChLni uchinchi marta yutgach, keyingi mavsum La Ligada ham munosib qatnashish uchun 4-5 nafar futbolchining ro‘yxatini Peresning oldiga tashlaganini ham taxmin qilsak bo‘ladi. Har holda Zidan ketishini kutilmaganda e'lon qildi. U aqlli inson bo‘lgani sabab ketayotib barchasi joyida ekanini tushuntirib ketdi. Qo‘pol qilib aytganda «klubning ustiga mag‘zava ag‘darmadi». Biroq murabbiy yo‘q joydan ketganiga ham ishonish qiyin.

Xullas bizningcha, «Real»da muammo o‘tgan mavsumdan boshlangan. Zidan va Ronalduning oldinma-ketin jamoani tark etishi, La Ligadagi pasayish – bularning barchasi bejizga emasdi. Shunchaki, YeChLdagi g‘olibliklar «Real» muxlislarini sarmast qilib qo‘ygan va ular ichki muammolarga unchalik e'tibor berishmagandi. Chempionlar Ligasidagi «het-trik»ni bejizga Zidanning nomi bilan bog‘lashmaydi, chunki uning ketishi bilan «Real» barchaning ko‘z oldida orqaga qarab ketmoqda. O‘tgan mavsum Zidanning avtoriteti, aqlli qarorlari va Ronalduning doim «vahshiy» formada bo‘lgani «Real»dagi muammolarni o‘z soyasida qoldirib keldi. Biroq Solari, Lopetegi kabi «Real»dek buyuk jamoaga munosib bo‘lmagan murabbiylar, klubning afsonaviy 7-raqamini zaxirada o‘tirib qolgan Diasga berib qo‘ygan Peresning tushunarsiz qarorlari (balki Peres qarib qolgandir) klubdagi muammolarni «suv yuzasiga chiqarib qo‘ydi».

«Real» shuncha yil chempion bo‘ldi, endi qulash vaqti keldi degan gaplarga qo‘shilmagan bo‘lardik. Chunki, «Real» «Lester» yoki «Lids» emaski bir mavsum porlab yo‘qolib qolsa. Bu dunyodagi eng ko‘p muxlisi bor jamoa va muxlislar «Real»ning doim yaxshi holatda bo‘lishini talab qilishadi. Shunday ekan, 2009 yilda «Real»ga qaytib, «Galaktikos»ni «uyg‘otgani» aytiladigan janob Peresning ham tez orada u xohlagan vaqtida almashtiradigan murabbiylari kabi kursisi qimirlab qolsa ajab emas...

O‘tkir Jalolxonov

Mavzuga oid
Top