00:34 / 07.03.2019
17950

“Butunjahon yil avtomobili” finalining yakuniy ishtirokchilari e'lon qilindi   

Jyenevada o‘tayotgan avtosalonda “Butunjahon yil avtomobili” tanlovi tashkilotchilari asosiy va qo‘shimcha yo‘nalishlar bo‘yicha finalga o‘tgan modellarni ma'lum qilishdi.  

Fevral boshida tanlovning final qismiga o‘tgan 10 ta model ma'lum qilingandi. Endi bu faxriy nom uchun faqatgina uchta model kurash olib boradi: Audi e-tron, Jaguar I-Pace va Volvo S60/V60. Ikkita ilk avtomobil elektrokarlar hisoblanadi.

Foto: Audi e-tron
Foto: Jaguar I-Pace
Foto: Volvo S60/V60

Tanlovda asosiy nominatsiyadan tashqari yana beshta qo‘shimcha yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi. “Eng yaxshi shahar avtomobili” unvoni uchun Hyundai AH2/Santro, Kia Soul va Suzuki Jimny; “Eng yaxshi nufuzli avtomobil” unvoni uchun Audi A7, Audi Q8 va BMW 8-Series; eng yaxshi sportkar nomi uchun Aston Martin Vantage, McLaren 720S va Mercedes-AMG 4-Door Coupe kurash olib boradi.

Foto: Hyundai AH2/Santro
Foto: BMW 8-Series

Shuningdek, “Eng yaxshi “yashil” avtomobil” yo‘nalishida Audi e-tron, Hyundai Nexo va Jaguar I-Pace g‘oliblikka da'vogarlik qiladi. Eng yaxshi dizayn uchun Jaguar E-Pace, Suzuki Jimny va Volvo XC40 kurashadi. 

Foto: Suzuki Jimny

Tanlov g‘oliblari 17 aprelda Nyu-Yorkdagi avtosalonda e'lon qilinadi. Ularni 86 jurnalistdan iborat hakamlar hay'ati aniqlaydi.

Bir yil avval bu tanlovda Volvo XC60 krossoveri g‘olib bo‘lgandi. Bu g‘alaba shved kompaniyasi uchun birinchisi bo‘lgan, joriy yilda kompaniya o‘z muvaffaqiyatini takrorlashi mumkin. 

Top