21:25 / 07.03.2019
60930

Farg‘onalik 28 yoshli Saidbek G‘ulomov ​mustaqil avtomobil yaratishga harakat qilmoqda

Foto: O‘zA / Erkin Yodgorov, T.ISTATOV

Loyiha muallifi hamda konstruktori​, ayni paytda, Buxoroda yashab, motor quvvati 169 ot kuchiga teng​ elektrokar yaratish ustida bosh qotirmoqda.

O‘zAning xabar berishicha, Saidbek G‘ulomov​ Farg‘ona politexnika instituti​ni bitirgach, atrofiga qobiliyatli yoshlarni to‘plab kichik jamoa tuz​gan.

«Saidbek dream cars korxonasini ham tashkil etdik. ​Qog‘ozdagi loyihani amaliyotga joriy qilish uchun sharoit va mablag‘ zarur edi​. Yordam so‘rab, sohaga aloqador bir qancha tashkilotlarga murojaat qilganmiz», — deya voqealarni so‘zlab bergan u.

Foto: O‘zA / Erkin Yodgorov, T.ISTATOV

G‘ulomovning aytishicha, ​«Kogonremstroykomplekt» O‘zbekiston – Rossiya qo‘shma korxonasi rahbarlaridan biri Shamsiddin Hasanov​ uning g‘oyasini moliyalashtirishda ko‘mak bergan. 

Foto: O‘zA / Erkin Yodgorov, T.ISTATOV

«Oradan ikki oy o‘tgach, Buxoro viloyati hokimi hududdagi turli mulk shaklidagi korxonalar bilan tanishish jarayonida qo‘shma korxonada ham bo‘ldi. Tabiiyki, Saidbekning g‘oyasiga qiziqish bildirildi», — deb yozadi O‘zA.

​Ma'lum qilinishicha, modelni tayyorlash jarayonida uning balandligi bir muncha oshirilib, 1,53 metrga yetkazish maqbul ko‘rilgan. Besh o‘rinli bu avtomobilning uzunligi 4,75 metr, eni esa 2 metr. G‘ildiraklari 18 dyumli bo‘lishi aytilmoqda. Vazni taxminan 1 ming 450 kilogramm. Motor quvvati 169 ot kuchiga teng.

Foto: O‘zA / Erkin Yodgorov, T.ISTATOV

«U 6,5 soniyada soatiga 100 kilometr tezlikka erishishi hisoblab chiqilgan. Yana bir muhim masala. Hozircha, avtomobilga 220 voltli kuchlanishli elektr ta'minot nuqtasi orqali zaryadlanadigan 40 kilovat sig‘imli akkumulyator o‘rnatish ko‘zda tutilmoqda. Dastlabki, hisob-kitoblarga ko‘ra, elektromobil to‘liq olingan zaryad bilan 350 kilometr masofa yo‘l bosishi mumkin», — deydi loyiha muallifining o‘zi.

Foto: O‘zA / Erkin Yodgorov, T.ISTATOV

​Ta'kidlanishicha, Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligiga​ elektromobil chizmalarini o‘z ichiga olgan hujjatlar​ taqdim etilgan va ular ko‘rib chiqilmoqda.

Saidbek G‘ulomov o‘z mashinasini jahon tamadduniga katta hissa qo‘shgan buyuk ​olim —​ Ahmad Farg‘oniy nomi bilan atamoqchiligini bildirgan. Elektrokarning o‘zi qachon test-drayvga tayyor bo‘lishi ma'lum emas.

Mavzuga oid
Top