15:19 / 07.03.2019
7499
O‘zbekiston Rossiya qandolat mahsulotlariga aksiz solig‘ini bekor qilishi mumkin
Foto: Shutterstock

Rossiya Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Sergey Levin boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistondan Rossiya qandolat mahsulotlariga aksiz solig‘ini bekor qilishni so‘rab, murojaat qildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda. 

Ma'lum qilinishicha, Rossiya tomoni import qilinadigan rus qandolat mahsulotlari uchun O‘zbekistonda joriy etilgan aksiz solig‘ini bekor qilish taklifi bilan hamkasblariga murojaat qilgan. Hozircha bu masalada O‘zbekistonning rasmiy munosabati ma'lum emas. 

2018 yil iyun oyida «O‘zbekiston Respublikasida tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish va bojxona-tarif nazorati tizimini takomillashtirish haqida»gi prezident qarori qabul qilingan, unda 2019 yil 1 yanvardan bojxona to‘lovlarining keskin qisqarishi ko‘zda tutilgan edi.

Shunga qaramay, yil yakuniga kelib, soliq siyosatida tub burilish paydo bo‘ldi va ayrim turdagi tovar va mahsulotlarda turli ko‘rinishdagi to‘lovlar import uchun oshirildi, jumladan qandolat mahsulotlari ham bular sirasiga kiradi.

Top