09:44 / 08.03.2019
36411

O‘zbekiston suv omborlarida suv zaxirasi kamaygani rostmi?

Foto: Advantour

O‘tgan yili yozda yurtimizda kuzatilgan suv tanqisligi bilan bog‘liq murakkab vaziyat qishloq xo‘jaligi sohasida ayrim muammolarni yuzaga keltirgan edi, deb yozadi O‘zA.

Xususan, Toshkent viloyatida joylashgan Chorbog‘, Toshkent va Ohangaron suv omborlaridagi suv zaxirasi 2017 yilga nisbatan 7 foizga kamayib, qariyb 400 ming gektar sug‘oriladigan maydondagi ekinlarni sug‘orishda o‘ziga xos qiyinchiliklar tug‘dirgandi. Xo‘sh, bu yil ahvol qanday? Suv omborlarida qancha suv zaxirasi mavjud?

Viloyat suv xo‘jaligi boshqarmasi taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, bugungi kun holati bo‘yicha mazkur suv omborlaridagi suv zaxirasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan kamaygan. Xususan, ayni paytda Chorbog‘ suv omborida 512,5, Toshkent suv omborida 161,47 va Ohangaron suv omborida 79,05 million metr kub suv zaxirasi mavjud bo‘lib, suv omborlaridagi suv zaxirasi 2018 yilning mos davriga nisbatan 135 million metr kubga kamaygan.

Ushbu statistik ma'lumotlar soha mutasaddilari zimmasiga qo‘shimcha mas'uliyat yuklashi tabiiy. Lekin bu yil tog‘larga qor o‘tgan yilgiga nisbatan ancha ko‘p tushgani, qolaversa, bahorgi yog‘inli kunlar hali oldinda ekani hisobga olinsa, ehtiyoj ortadigan yoz oylarida suv bilan bog‘liq muammolar bo‘lmaydi, deyish mumkin.

Top