12:10 / 10.03.2019
14117
OFKga rahbar bo‘lishni xohlayotgan general-mayor. U Osiyo futbolini parokanda qilishi mumkinmi?

Shu yilning aprelida OFK prezidentligiga saylovlar bo‘lib o‘tadi. Bu 2019 yildagi qit'a futbolidagi eng katta voqeliklardan biri bo‘lishi kutilmoqda.

Saylov ayniqsa Eron uchun ahamiyatli, deb yozadi Eron nashrlari. «Farsnews» va «Mashregh News» kabi nashrlarda yozilishicha, nomzodlar orasidagi bir sobiq amaldor Osiyo futboliga rahbar bo‘lsa, bu Eron futboli uchun yaxshi yangilik bo‘lmaydi.

OFK prezidentligiga uch nafar nomzod qayd etilgan. Birinchisi, amaldagi prezident - bahraynlik shayx Salmon, ikkinchisi qatarlik Saud Al Muhannadiy, uchinchisi va hozirda juda ko‘p muhokama va munozaralarga sabab bo‘layotgan nomzod - BAA vakili, general Muhammad Xalfan Ar-Rumaysiydir.

General-mayor Muhammad Xalfan Ar-Rumaysiy Abu Dabi politsiyasining sobiq rahbari va hozirda BAA sport boshqarmalari raisi (mamlakat sport vaziri) hisoblanadi. OFK prezidentligiga nomzod bo‘lgan Ar-Rumaysiy Osiyo futboliga ayirmachilik g‘oyalarini olib kelishi mumkinligi iddao qilinmoqda. Eron nashrlari agar OFK prezidenti kursisini Rumaysiy egallasa, barcha masalalarga harbiy-siyosiy, hamda noreallikka asoslangan yondashuv boshlanishidan xavfsirashmoqda. 

Ar-Rumaysiy Abu Dabida bir necha kun avval bo‘lib o‘tgan o‘zining birinchi matbuot anjumanida rang-barang va'dalar berdi. Birinchisi, Osiyo futboli taraqqiyoti uchun 320 million dollar investitsiya kiritish. Eron nashrlarining yozishicha, bu juda katta mablag‘ va amalga oshirilishi qiyin bo‘lgan ishdir.

Rumaysiyning saylov dasturida kreativlik yo‘q va u FIFA prezidenti Janni Infantinoning dasturini shundayligicha ko‘chirib olgan. Masalan, Osiyoda ayollar futbolini ko‘tarish kabi bir qator va'dalar Infantinoning saylovoldi dasturida ham keltirilgandi.

Ar-Rumaysiy OFKda ish boshlasa, Eron va butun Osiyo futboliga ayirmachilik g‘oyalari bilan tahdid solishi mumkin. Chunki, u Eron bilan bog‘liq masalalarga doim negativ qarashda bo‘lgan. Masalan, Rumaysiy BAA klublari Osiyo Chempionlar Ligasi o‘yinlarini o‘tkazish uchun Eronga borishiga ham qarshi bo‘lgan. Lekin OFK Rumaysiyning talablariga quloq solmasdan BAA klublariga Tehronda o‘ynashga ruxsat bergan.

Mana shunday jihatlari uchun ham hozirda Eron Ar-Rumaysiyning OFK rahbarligiga kelishini istamayapti. Boshqa so‘z bilan aytganda, BAA va Qatar o‘rtasidaga ziddiyatga o‘xshash mojaro futbolga qanday zarar keltirayotgan bo‘lsa, Rumaysiyning kelishi ushbu mojaroga o‘xshash yangi muammolarni paydo qilishi mumkin, deb yozadi Eron nashrlari.

Top