8455.37 USD +4.00

9554.57 EUR +77.20

131.53 RUB +2.16

11060.5 GBP +43.26

20:40 / 10.03.2019 4661

Saudiya Arabistonida birinchi konservatoriya ochilishi rejalashtirilmoqda   

Saudiya Arabistonida mamlakatdagi birinchi konservatoriyani qurish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Saudiya Arabistonining ko‘ngilocharliklar bosh boshqarmasi direktori Turki Al ash-Shayx ma'lum qildi.     

“Men fuqarolarga antiqa sovg‘a haqida e'lon qilmoqchiman. Madaniyat bo‘yicha kengash yaqin orada konservatoriya qurish va uni ochishga ruxsat berish imkoniyatini o‘rganmoqda”, deb aytgan ash-Shayx Al Arabiya telekanali efirida. Biroq u loyiha muddatlari va qiymati haqida hech narsa ma'lum qilmagan.

Shundan keyin ijtimoiy tarmoqlarda islohotlar va eskilik tarafdorlari o‘rtasida bahs yuzaga kelgan. Ulardan birinchilari, asosan yoshlar bu tashabbusning vaqti kelgani va u qirollikni rivojlantirishda oldinga bir qadam bo‘lishini aytishgan. Ularga qarshi chiqayotganlar, ya'ni katta yoshlilar musiqiy ta'limning qo‘llab-quvvatlanishi islom me'yorlarini buzadi, deb ta'kidlashmoqda. Ularning fikricha, konservatoriya o‘rniga Qur'onni o‘rganish bo‘yicha ko‘proq maktablar va kurslar ochish lozim.

Musiqiy ta'lim hanuzgacha qirollikning aksariyat maktablari va oliy ta'lim muassasalarining majburiy ta'lim dasturiga kiritilmagan. 

Yaqin vaqtlargacha Saudiya Arabistonida musiqa, birinchi navbatda ommaviy chiqishlar davlat darajasida taqiqlangan bo‘lgan. Biroq “Kelajakka boqish-2030” rejasi qabul qilinishi bilan vaziyat tubdan o‘zgarib, mamlakatda doimiy asosda musiqiy konsertlar va festivallar o‘tkazila boshlangan. Shuningdek, birinchi opera qurish rejalashtirilgan. Joriy yilning o‘zida qirollikning turli maydonchalarida Merayya Keri, Andrea Bochelli va Yanni kabi jahon musiqa yulduzlari konsertlar berishgan.

Joriy yilda Taif va Ar-Riyod viloyatlarida davlat universitetlari qoshida musiqa asboblarini chalish, vokal sinflar, sahna mahorati bo‘yicha kurslar ochilgan.

Top