18:14 / 11.03.2019
40641

Navoiyda do‘pposlangan o‘quvchi voqea tafsilotlarini so‘zlab berdi

Maktab eshigi sinib qolgani, o‘quvchilar yotoqxonasida uyali telefon yo‘qolishi va hojatxonada unitazning sinishi Navoiy shahridagi ixtisoslashtirgan madaniyat maktabi quyi bosqich o‘quvchilarning do‘pposlanishiga sabab bo‘lgan. Bu haqda Kun.uz muxbiri Madaniyat vazirligi tarqatgan ma'lumotga asoslanib xabar bermoqda. 

Madaniyat vazirligi matbuot kotibi Movluda Asqarxo‘jayeva bilan suhbatlashgan maktabning 3-bosqich o‘quvchisi 2018 yil 14 oktabr kuni yuz bergan voqeaga izoh berib, «dastlab, oshxonada jihozning, keyin yotoqxona eshigi sinishi» ortidan tarbiyaviy ishlarni olib borishga qo‘l urganini tan olgan. 

Vazirlik vakili bilan suhbatlashgan, ayni videoda do‘pposlangan bolalar musht zarbi kuchli bo‘lmaganini bir xilda takrorlashdi.

​«Men shu voqeada bo‘lganman. Zarb menga qattiq tegmadi, kichkina bo‘lganim sababli orqaga uchib ketdim», — deya holatga izoh bergan o‘quvchilardan biri.

O‘quvchilarni kaltaklagan yigitchaning o‘zi ​«tarbiyachilarga bildirmay, chiroyli axloq bilan o‘quvchilarni tartib-intizomga chaqirib qo‘ymoqchi» bo‘lganini so‘zlab bergan.

Voqea tafsilotlarining bu versiyasini o‘sha kuni yotoqxonada mas'ul tarbiyachi lavozimida ishlagan (ayni paytda ishdan bo‘shatilgan) Sulaymon Qo‘chqorov​ ham aytib bergandi.

Qayd etilishicha, do‘pposlangan bolalar yoshi katta o‘quvchilar ustidan shikoyat qilmagan, shuningdek ular do‘stlashib ketishgani aytiladi. Shunga qaramay, yuqori bosqich o‘quvchisining harakatlariga huquqiy baho berilgani bo‘yicha rasmiy ma'lumot mavjud emas. ​

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Mavzuga oid
Top