10:40 / 12.03.2019
2156
Abdulaziz Komilov Yun Sun Gu bilan muzokaralar o‘tkazdi
Foto: TIV axborot xizmati

2019 yilning 11 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundida ishtirok etish uchun Toshkent shahriga kelgan Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Yun Sun Guni qabul qildi.

TIV xabariga ko‘ra, bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilingan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil noyabr oyidagi Koreya Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e'tibor qaratilgan. Bo‘lajak oliy darajadagi O‘zbekiston – Janubiy Koreya uchrashuvi mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali strategik hamkorlikni rivojlantirishda yangi bosqich bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirilgan.

Vazir ta'kidlaganidek, O‘zbekiston Koreya Respublikasi bilan o‘zaro hurmat, ishonch va qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan qalin do‘stlik munosabatlarini yuqori baholaydi va qadrlaydi.

Qator yillar davomida Koreya Respublikasi muntazam ravishda O‘zbekistonning asosiy savdo sheriklari qatoridan o‘rin olmoqda. 2018 yilda savdo aylanmasi 2,1 mlrd. AQSh dollarini tashkil etib, avvalgi yilning ayni ko‘rsatgichlariga nisbatan 54%ga o‘sdi. Mamlakat iqtisodiyotining muhim tarmoqlariga jalb qilingan Janubiy Koreya investitsiyalarining hajmi 5 mlrd. dollardan oshdi. Hamkorlikning deyarli barcha sohalarida birgalikda samarali ishlash borasida sezilarli tajriba to‘plandi, strategik sherikchilikning mustahkam shartnomaviy-huquqiy asosi shakllantirildi.

Mamlakat hayotining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, davlat boshqaruvi, kadrlar tayyorlash, tibbiyot, ta'lim va ko‘plab boshqa jabhalarida Janubiy Koreya tajribasiga talab mavjud.

Shu kunning o‘zida Tashqi ishlar vazirligida ikki tomon siyosiy maslahatlashuvlarining 13-raundi o‘tkazilib, unda mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning kompleks masalalari, jumladan bo‘lajak uchrashuvlar jadvali ko‘rib chiqildi.

Muzokaralarda Koreya Respublikasi elchisi Kvon Yon U ishtirok etgan.

Top