16:12 / 12.03.2019
8658

«Ayaks»ning yana bir futbolchisi «Barselona»ga o‘tmoqchi

«Ayaks»ning markaziy himoyachisi Matteys de Ligt yozgi transferlar vaqtida «Barselona» futbolchisiga aylanishi mumkin.

Catalunya Radio manbasi ma'lumotiga ko‘ra, amsterdamliklarning 19 yoshli sardori o‘ziga Yevropaning qator top-klublaridan qiziqish mavjudligiga qaramasdan aynan kataloniyaliklar safiga o‘tish niyatini bildirgan.

O‘z navbatida «Barselona» ham niderlandiyalik bu futbolchini safiga qo‘shib olishga qarshi emas va uning transferi uchun 70 million yevrodan voz kechishga tayyor.

Transfermarkt ma'lumotiga ko‘ra, de Ligtning transfer qiymati 65 million yevroga teng.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning qishida «Barselona» «Ayaks»ning boshqa bir yetakchi futbolchisi Frenki de Yong transferini e'lon qilgandi. 70 million yevro evaziga sotib olingan bu 21 yoshli futbolchi yozda kataloniyaliklarning to‘laqonli a'zosiga aylanadi.

Ma'lumot uchun, Matteys de Ligt joriy mavsumda «Ayaks» safida barcha turnirlar doirasida 40 o‘yin o‘tkazdi va o‘z hisobiga 4 gol hamda 2 golli pas yozib qo‘ydi.

Top