8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

12:00 / 12.03.2019 8645

Qizimga ko‘mak berganlar ikki dunyo saodatini topishsin

Yodingizda bo‘lsa saytimizda 32 yoshli Lobar Alimovaning onasi Dinora Mirzayeva murojaat etgani, qizining og‘ir kasallikdan azob chekayotgani uchun bor-budini sotib sarflagani, endi ilojsizlikdan saxovatli insonlarga murojaat qilayotgani haqida maqola yoritgandik.

Shundan so‘ng xayriya natijasini bilish maqsadida Dinora Mirzayeva bilan bog‘landik. Opa to‘lqinlanib gapirdi:

– Maqola chiqqanidan keyin juda ko‘pchilik qo‘ng‘iroq qildi, ko‘nglimni ko‘tarishdi. Saxovatli bir hamyurtimiz yashab turgan uyimizdagi televizorni ham sotib dori-darmon xarid qilganimizni eshitib, televizor ko‘tarib kelganida ko‘zyoshlarimni tiyib tura olmadim.

– Yetarli miqdorda mablag‘ yig‘ildimi?

– 20 mln so‘mdan ortiqroq mablag‘ yig‘ildi va bu eng zarur muolajalarni o‘tkazish, dori-darmonlar olish hamda so‘rab turilgan qarzlarimizdan qutulish uchun yetarli bo‘ldi. Shuncha yordam bergan yurtdoshlarimizga kattakon rahmat. Qizimga ko‘mak berganlar ikki dunyo saodatini topishsin! O‘zi ham tunu-kun ularni duo qilayapti va yashash uchun kurashda davom etmoqda. Ammo qizimning xorijda o‘tkaziladigan tahlillari va muolajalari uchun mablag‘imiz yetmaydi... Yana qayta yordam so‘rashga xijolatman.

Aziz saxovatpesha yurtdoshlar! Ko‘pning ko‘magi ko‘l bo‘lishi allaqachon o‘z isbotini topgan. Lobarga va onasiga yana bir bor yordamimizni ayamaylik. Umid qilamizki, bu xayriyaning dastlabki bosqichida qatnasha olmagan yurtdoshlarimiz ham talaygina. Ularga darhol yordamga shoshilgan saxovatli do‘stlarimiz yaxshi o‘rnak bo‘ladilar.

E'tiboringizga dastlab e'lon qilingan maqolaning to‘liq shakli va videolavhani taqdim qilamiz. Unda Lobarga oid barcha ma'lumotlar bor.  

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

“Farzandim sog‘aysa bas!” – bir inson yaxshilar ko‘magiga muhtoj

Hech bir saxiy inson haqiqiy muhtojlarga qilgan ehsoni tufayli kambag‘allashib ketmaydi, hech kimning yaxshiligi javobsiz qolmaydi. Bu nafaqat muqaddas Islom dinimizda, balki barcha ahli kitoblar e'tiqodida tasdig‘ini topgan haqiqat. Kun.uz saytining muhtaram o‘quvchilari xayriya ishlarida hamisha ilg‘or bo‘lishgan. O‘zgalar ko‘magiga zarurat sezgan ko‘plab yurtdoshlarimiz umid bilan tashrif buyurishlari bejizga emas.

Ijodiy jamoamizga murojaat qilgan navbatdagi yurtdoshimizning murakkab holatini bevosita kuzatgan har bir insonning ko‘ziga yosh qalqishi, qalbi to‘lqinlanishi tabiiy. Dinora Mirzayeva avvaliga bosiqlik bilan hammasini tushuntirdi, ammo suhbatimiz jarayonida baribir ko‘zyoshlar daryo bo‘ldi:

– Qizim Alimova Lobar 32 yoshda. 2018 yilga qadar sog‘ligidan hech shikoyat qilgan emasdi. O‘tgan yilning oktabr-noyabr oylaridan ahvoli birdan va keskin og‘irlashdi. Bo‘ynida paydo bo‘lgan shish qo‘ltiqlariga tarqaldi va kuchli og‘riq bera boshladi. Aniq diagnoz aniqlangunga qadar bir oycha muddat turli tekshiruvlardan o‘tdik, davolandik. Ammo ahvol og‘irlashaverdi, og‘riqlar kuchayaverdi. Nihoyat onkologiya markazida xavfli o‘sma ekanligi ma'lum bo‘ldi...

O‘sha paytdagi holatimni Alloh biladi. Bu gapni eshitib, hushimdan ketib qolgandim.

Ammo shifokorlar tushkunlikka tushmasligim, farzandim hayoti uchun birgalikda kurashish kerakligini aytishdi. Ular qizimga “Diffuz yirik V hujayrali limfoma” tashxisi qo‘ydilar va zudlik bilan davolashga kirishdilar. Lobar operatsiya qilindi, qator ximiyaterapiya kurslarini oldi. Xudoga ming qatla shukr, og‘riqlar kamaydi. Ishonsangiz operatsiyadan oldin ukasi ko‘tarib borgan qizim, operatsiya va qator muolajalardan keyin beshinchi qavatdagi yashab turgan uyimizga o‘zi ko‘tarilib chiqdi. Hozir ham ancha-muncha o‘rnidan turadi, namozlarini mustaqil o‘qiy oladi.

Albatta, ko‘pchilik rak deganda butkul tushkunlikka tushib, hayotdan umidini uzib qo‘yadi. Ammo o‘zimning ham fikrim shu, shifokorlar ham qizimning davolanib ketishi uchun imkoniyat borligini aytishyapti.

Har bir ona singari men ham farzandimning bir kunlik umri uchun borimni berishga tayyorman. Qizimning bir o‘g‘li bor. Nabiram onasiga termulib turganida yuraklarim pora-pora bo‘ladi. O‘g‘lim opasini davolatish uchun minib yurgan mashinasini sotdi. Uyimiz bo‘lganda uyimizni sotib, dori-darmonlarga ishlatishga tayyor edim. Ammo o‘zimiz ijarada turamiz, uy joyimiz yo‘q.

Saytingizga murojaat qilishdan oldin ko‘p o‘ylandim, o‘zimning barcha imkoniyatlarimdan foydalanib bo‘lganimdan keyin ilojim yo‘qligidan murojaat qilyapman. Aziz yurtdoshlar, saxovatpesha insonlar – imkoningiz bo‘lsa bizga yordam bering! Saxovat yo‘lida qilgan har bir so‘mingiz savobini Alloh ko‘paytirib bersin...

Ertasiga bemorning ahvolidan xabar olish maqsadida Lobar yashab turgan xonadonga bordik va suhbatida bo‘ldik. Bizni kutib olgan Dinora opa qizining oldida iloji boricha murakkab holat bo‘yicha kamroq gaplashishimizni, charchatmasligimizni iltimos qildi.

O‘rinda dard bilan kurashib yotgan Lobarning so‘zlari yanada ta'sirli bo‘ldi:

– Kuchli og‘riqlar bo‘ldi, operatsiyani ham boshdan kechirdim. Oilamdagilarni ham qiynab qo‘ydim. O‘g‘lim Mustafo hozir beshinchi sinfda o‘qiyapti, ko‘chadan keliboq oldimga yuguradi. Farzandimga qarasam, uning umidli nigohlariga boqsam, dardni yengishga intilaman... Ammo onamning, ukamning qo‘li qisqalik qilib qoldi. Oqibatli insonlardan yordam so‘rashga majbur bo‘layapmiz.

Suhbatimizga qo‘shilgan Dinora opa temir qurilmali devorni ko‘rsatdi:

– Bugun dorilariga pul topa olmaganimdan mana shu devorga osilib turgan, qizim zerikmasligi uchun qo‘yilgan televizorni ham sotishga majbur bo‘ldim. Yana aynan qizimning ko‘z o‘ngidan olib ketishga to‘g‘ri keldi. Uydagi sotishga arziydigan hamma narsani asta-sekin sotyapmiz...

Lobarga sog‘lik, Dinora opaga va Mustafoga sabr tilab, xonadondan chiqdik hamda Siz azizlarga yuzlandik: Kun.uz sayti bunday aksiyalarda bir sababchi, vositachi xolos. Barcha xayriyalarni, hamma saxovatni yurtdoshlarimiz, savob umididagi insonlar qiladilar. Umidimiz borki, Lobar sizlarning atagan mablag‘ingiz ortidan shifo topib, yolg‘iz farzandini voyaga yetkazadi. Qizining og‘riqlaridan qalbi ming karra kuchliroq azob tortayotgan Dinara opaning mushkuli son bo‘ladi.

Bunda Sizday saxiy insonlarning ham beqiyos hissangiz qo‘shiladi albatta!

Zarur ma'lumotlar:

Dinora Mirzayeva nomiga ochilgan plastik kartochka:

Click/PayMe: 8600 0417 1051 9704 (Agrobank)

MFO: 00454

INN: 201055083

Naqd pul topshirganda: 23116000800000454001

Mijoz arizasiga asosan kartadan kartaga pul o‘tkazilganda:

23118000600000454001

Boshqa tashkilotlardan kelib tushgan mablag‘lar tranziti:

23120000200000454001

Dinora Mirzayevaning telefon raqami: +99894 690-88-06

Suhbatdosh Abror Zohidov,
tavsirchi Fazliddin Abduqodirov.

Teglar

Top