15:25 / 12.03.2019
10640

Toshkent viloyatidagi besh tumanda oqova suv tarmoqlari umuman mavjud emas

Oliy Majlis Senati Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasining “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining suv obektlariga oqindi suvlarni oqizishga yo‘l qo‘yish shartlariga oid qismi Toshkent viloyatida ijro etilishini o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi.

Foto: senat.uz

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, qo‘mitasi tomonidan Toshkent viloyatida olib borilgan ishlar davomida aniqlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining tegishli qaroriga muvofiq viloyatlar “Suvoqova” DUK Uy-joy va kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi hududiy bo‘linmalarining tashkiliy tuzilmasiga kiritilgan. Jumladan, bugungi kunda Toshkent viloyati tuman va shaharlarida “Suvoqova” DUKning 9 ta tozalash inshooti mavjud. Mazkur inshootlar 1953-1987 yillar oralig‘ida ishga tushirilgan bo‘lib, jami loyihaviy quvvati sutkasiga 436 ming m3 suv qabul qilishga mo‘ljallangan. Toshkent viloyatida barcha abonentlar soni 147133 ta, shundan 145686 tasi xonadon va 1447 tasi turli korxona, muassasa, tashkilotlardir. O‘rganish jarayonida viloyatdagi oqova suvlarni tozalash inshootlari bilan bog‘liq qator kamchiliklar aniqlandi.

Foto: senat.uz

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tizimini boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2017 yil 18 apreldagi farmonida suv ta'minoti va kanalizatsiya obektlarini rivojlantirish, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish Uy-joy va kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilanganligiga qaramay, mazkur vazifaning ijrosi yetarlicha ta'minlanmagan. Sohada vujudga kelgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan aniq choralar ko‘rilmagan. Xususan, viloyatning markazlashgan oqova suv tizimiga faqat abonentlarning 22 foizi ulangan bo‘lib, Bo‘ka, Bekobod, Oqqo‘rg‘on, Quyichirchiq, Chinoz tumanlarida oqova suv tarmoqlari umuman mavjud emas.

Majlisda viloyatda faoliyat yuritayotgan suv tozalash inshootlarining aksariyatida asbob-uskunalar juda eskirgan, ayrimlari umuman faoliyat yuritmayotgan bo‘lsa-da, yon-atrofda joylashgan inshootlardan oqindi suvlar uchun mablag‘ undirish davom etilayotganligi ta'kidlab o‘tildi. Achinarlisi, ayrim inshootlarga kelib tushayotgan oqindi suvlar biologik, kimyoviy va mexanik tozalashdan o‘tkazilmasdan tarkibida ko‘plab zaharli moddalar bo‘lgani holda  viloyatdagi turli soylar, kanallar, daryolar va suv havzalariga oqizib yuborilmoqda. Ulardan hattoki fermer va dehqon xo‘jaliklari ekin maydonlarini sug‘orish, aholi esa ayrim maishiy ehtiyojlarini qondirish uchun foydalanmoqda.

Majlisda aytib o‘tilgan fikr-mulohazalar aniq misollar asosida tahlil qilinib, mutasaddi idoralarga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga e'tibor qaratish va mazkur sohadagi mansabdor shaxslarning mas'uliyatini oshirish yuzasidan keskin choralar ko‘rish lozimligi uqtirildi. Jumladan, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda Toshkent viloyatidagi suv tozalash inshootlarini jihozlash bo‘yicha investitsiya loyihalarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida amalga oshirish uchun takliflar tayyorlashi va Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilab olindi, deyiladi xabarda.

Top