03:52 / 14.03.2019
6567
Butun dunyo bo‘ylab Facebook va Instagram ishida uzilishlar kuzatildi
Foto: Global Look Press

Jahonning ko‘plab davlatlarida Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlari ishida uzilishlar kuzatilgan. Bu haqda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining o‘zi xabar berishmoqda. DownDetector saytidagi ma'lumotlarga ko‘ra, uzilishlar 13 mart kuni Toshkent vaqti bilan 20:56 dan so‘ng kuzatila boshlangan.

The Verge nashrining xabariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda yozuv qoldirish, xabar jo‘natish va olish imkoniyati yo‘qqa chiqqan.

Facebook bilan bog‘liq muammolar haqida ko‘proq Shimoliy va Janubiy Amerika, Yevropa va Filippindagi foydalanuvchilari xabar qilishgan. Instagram bilan bog‘liq muammolar haqida esa ko‘proq AQShning sharqiy sohili, Buyuk Britaniya, Fransiya va Niderlandiyada yashovchi insonlar yozishgan. Instagram shuningdek, O‘zbekistonda ham risoladagidek ishlamagan.

Facebook o‘zining rasmiy Twitter akkauntida uzilishlar haqida bilishlarini va uni bartaraf etish ustida ish olib borilayotganini ma'lum qilgan.

“Biz ayni paytda ayrim insonlarning Facebook oilasiga mansub ilovalarga ulanish borasida muammolarga duchor bo‘layotganidan xabardormiz. Biz muammoni imkon qadar tezroq bartaraf etish ustida ish olib boryapmiz”, — deyilgan kompaniya xabarida.

Shuningdek, Facebook vakili Reuters agentligiga kompaniya ijtimoiy tarmoqlarga ulanish borasida yuzaga kelgan muammolardan xabardor ekanligini aytgan, biroq uning sabablariga oydinlik kiritmagan.

Top