8535.74 USD +17.06

9566 EUR -86.52

132.57 RUB +1.24

10746.5 GBP -101.19

15:58 / 14.03.2019 11042

Ektor Kuper: «Terma jamoa a'zolarining jismoniy holati bo‘yicha shikoyatim yo‘q»

O‘zbekiston milliy terma jamoasi mart oyidagi FIFA kunlarida Xitoyda tashkil etiladigan «China Cup» turnirida qatnashadi. Bugun musobaqa oldidan bosh murabbiy Ektor Kuper ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Tribuna.uz muxbiri.

«Tayyorgarlik uchun vaqtimiz juda kam bo‘ladi. Ixtiyorimizda 8 kungina vaqt bor. Turnirdan asosiy maqsad – o‘yinimizni kuchaytirish. Hozirgacha erishgan natijalarimizni mustahkamlab, xatolar ustida ishlaymiz. Lekin biz baribir har bir o‘yinda g‘alaba uchun maydonga tushamiz.

Tarkibimiz Osiyo Kubogidagi bilan deyarli bir xil. OTJdan ham ba'zi futbolchilarni chaqirishni niyat qilgandik, lekin ular shu oy Osiyo chempionati saralashida qatnashishadi», – deya dastlabki fikrlarini bildirdi argentinalik mutaxassis.

– O‘tgan davrdan qanday xulosalar chiqardingiz va terma jamoaga qanday o‘zgarishlar kiritmoqchisiz?
– Ham ijobiy, ham salbiy xulosalar chiqardim. Terma jamoa o‘yinida meni xursand qilgan jihatlar ham, salbiy tomonlar ham bor. Turnir oldidan katta o‘zgarishlar qilishga bizda vaqt yo‘q. Faqat ba'zi kichik detallarni o‘zgartirish orqali jamoa o‘yinini yaxshilashga harakat qilamiz. Urugvay bilan o‘yinda Avstraliyaga qarshi ko‘rsatgan o‘yinimizni namoyish etishimizni istayman, futbolchilar yana ham yaxshiroq o‘ynashlariga umid qilaman. Turnirga tayyorgarlik uchun deyarli vaqt qolmaydi, qisqa vaqt ichida mo‘jiza kutish yaramaydi. Faqat biz qilmoqchi bo‘lgan kichik o‘zgarishlar g‘alabamizni ta'minlashi mumkin.

Bilasizlar, murabbiylar vaqt yetishmovchiligi haqida juda ko‘p gapirishadi. Chunki biz ishlanmalarni mashg‘ulot davomida sinab ko‘rishimiz kerak. Birdaniga o‘zgartirish qila olmaymiz, avval mashg‘ulotlarda sinab ko‘rgandan keyingina o‘zgarishga qo‘l urishimiz mumkin. Masalan, Turkiyadagi yig‘in davomida bizda yetarlicha vaqt bo‘ldi va shuning uchun ham jamoa o‘yinida yaxshilanish bo‘ldi. Qisqa vaqtda bunga erishish qiyin masala.

– Osiyo Kubogida chempion bo‘lish uchun borayotganimizni aytgan edingiz, ammo nimchorak finaldan ortga qaytdik. Qolaversa, barcha terma jamoalar murabbiyida ham vaqt ana shunday kam – ularda ham faqat FIFA kunlarida yig‘ilishadi.
– Ay-ay-ay (xitob qiladi). Menga shartnoma taklif qilishganida, mening shartnomamda nima deb yozilgan, bilasizmi, biz – Jahon chempionatiga chiqishimiz kerak, deyilgan. Siz esa Osiyo Kubogini yutishimiz kerak, demoqdasiz. Menga, masalan, tarkib haqida, uni kelajakda yoshartirish haqida gapirishmagan. Futbolda kelajak degan gap yo‘q, biz hozir chiqishimiz va g‘alaba qozonishimiz kerak. Osiyo Kubogida 1/8 finalda yutqazdik, haqsiz, mening aybim, to‘g‘ri, yuta olmadik. Lekin bizning hozirgi maqsadimiz – Jahon chempionatiga chiqish.

Buning uchun juda ko‘p futbolchilarni kuzatib boramiz. Albatta, OTJ – bunda asosiy mo‘ljalimiz bo‘ladi. Ularning murabbiyi ham ispanchada gaplasha oladi. Barcha energiyamiz JChga chiqishga qaratilgan. Tarkibni yoshartirish muhim, lekin OTJ bizning o‘zagimiz bo‘ladi. Hozir kelajak haqida gapirishni istamayman. Biz uchun kelajak – Xitoydagi turnir. O‘sha Xitoydagi o‘yinlarimiz JCh saralashiga asos bo‘lishi kerak. Agar kelajak haqida o‘ylashni boshlasak, diqqatimiz bo‘linadi. Hozir butun e'tiborimiz shu turnirga qaratilgan. Kelajakni ko‘rayotganim yo‘q. Balki Xitoydagi turnirda yutqazarmiz, keyin meni ishdan bo‘shatib yuborishar. Natijaga qaraymiz, kelajak degani doim nisbiy narsa. Asosiysi puxta reja tuzib olishimiz shart va yaxshi yo‘nalishda ketyapmiz.

Osiyo Kubogidan o‘zim ham ko‘proq narsa kutgandim. Lekin o‘ylaganimiz amalga oshmadi. Men aybdorman. O‘yinlarda faqat g‘alaba uchun maydonga tushaman. Asosiy maqsad – Jahon chempionatiga chiqish.

– Osiyo Kubogida Yaponiya, Avstraliya kabi grandlarning kuchini ko‘rdingiz. Saralashda ularni qanday mag‘lub eta olishimiz mumkin?
– Ha, men bu jamoalarni yuta olamiz, deb o‘ylayman. Jamoalarning haqiqiy kuchi rasmiy o‘yinlarda ko‘rinadi, to‘g‘ri. Avstraliya va Yaponiya kabi jamoalarni kelajakda yuta olishimizga ishonaman. Biz yagona maqsad yo‘lida harakat qilsakkina, ularni yutishimiz mumkin. Osiyo Kubogida ular bilan tengma-teng o‘ynay olishimizni isbotladik. Hozir e'tiborimizni 3-4ta turli masalaga, masalan tarkibni yoshartirish kabilarga qaratmasligimiz kerak. Urugvayda Suares, Kavani kabilar bor, bu o‘yindan maqsadimiz jamoani kuchaytirish va rasmiy o‘yinlarga tayyorlash.

– Osiyo Kubogidagi 4ta o‘yinni to‘liq texnik tahlil qilishingiz uchun qancha vaqt kerak bo‘ldi?
– Dasturlar bizga katta yordam beradi, ko‘p vaqtimizni tejaydi, ammo shuni aytishim kerakki, men analitik emas. Shtabimda bu bilan shug‘ullanadigan insonlar bor. Futbolda doimo inson omili muhim, futbol – arifmetika emas. 50 yildan keyin balki murabbiylar futbolchilarni kompyuter orqali boshqarishar, maydonga ham chiqib o‘tirishmas, ammo hozir vataniga muhabbat, o‘zini fidoyi qilib o‘ynash istagi kabilar ahamiyat kasb etadi.

Albatta, federatsiya bizni barcha zamonaviy texnologiyalar bilan ta'minlagan. Osiyo Kubogidagi o‘yinlarimiz tahlilini davom ettirmoqdamiz.

– Nahotki Osiyo Kubogidagi ishtirokimizni hamon to‘liq tahlil qilib chiqmagan bo‘lsangiz?
– Bilasizmi, bir filmni televizorda men necha martalab ko‘rishim mumkin? 5-6 martalab. Har safar ko‘rganimda nimadir yangi narsa olaman. Balki boshqa murabbiylar mendan ko‘ra yaxshiroqdir, lekin men Osiyo Kubogidagi o‘yinlarimizni hali-hamon ko‘rib chiqyapman.

– Yetarlicha vaqt O‘zbekistonda yashab, bu yerdagi hayot tarzini o‘rgandingiz. O‘zbek futbolchilariga koreys yoki yapon futbolchilaridek kuchli ligalarda o‘ynab ketishlari uchun nima yetishmayapti?
– Juda qiyin savol. Balki O‘zbekistondan chiqqisi kelmas. Balki Yevropaga borgilari kelmas. Kimgadir Rossiya, kimgadir Xitoy, kimgadir BAA yoqadi. Buni yaxshigina tahlil qilish kerak. Bu tahlil uchun juda yaxshi mavzu. Fikrimcha, o‘zbek futbolchilarida sifat bor va ular Yevropada o‘ynashga tayyor. Bunga shubham yo‘q.

– Avvalgi murabbiylar terma jamoa futbolchilarining jismoniy holatidan nolishgan, fizik tayyorgarlikka vaqt ketkazib, taktika bilan ishlashga vaqt bo‘lmayotganini aytishgan. Bu haqda siz nima deya olasiz?
– O‘yinchilarning Osiyo Kubogidagi jismoniy holatlariga ijobiy baho berish mumkin. Kam va ko‘p yuguradigan futbolchilar bo‘ladi. O‘yinchi ba'zan maydonda noto‘g‘ri joyni tanlagani uchun ham ko‘proq yugurishiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Terma jamoa a'zolarining jismoniy holati bo‘yicha shikoyatim yo‘q, ular juda yaxshi holatda.

– Legionerlarimizni qanday kuzatib boryapsiz?
– Bizda barcha futbolchilarning videolari bor, ularni kuzatib boramiz. Xorijdagi o‘yinchilarning barchasi ham asosiy tarkib futbolchisi emas, masalan Fozil Musayev. Faqat oxirgi o‘yinda 90 daqiqa o‘ynadi. Chet elda 20 futbolchimiz bor deb aytyapsiz, lekin ularning hammasi ham asosiy tarkib futbolchisi emas. Barcha legionerlarimiz kuzatuvimiz ostida. Qolaversa, ichki chempionatimizdagi futbolchi legionerimizdan kuchliroq bo‘lishi mumkin. Texnologiyalar sabab barcha futbolchilarni bemalol kuzatib bora olyapmiz.

– O‘z klubida asosiy tarkib o‘yinchisi sanalmaydigan Otabek Shukurov chaqirildi, lekin deyarli har bir o‘yinda qatnashayotgan Sardor Rashidov yo‘q?
– Shunday o‘yinchilar ham borki, asosiy tarkibda o‘ynamayotgan bo‘lishi mumkin, lekin ularni ham chaqirishimiz mumkin. Terma jamoada o‘ynashga hamma haqli. Ulardan faqat bitta narsani so‘raymiz: terma jamoada o‘ynashga va mehnat qilishga kuchli xohishi bo‘lishi kerak.

Sardor Rashidov faqat viza bilan bog‘liq muammo tufayli chaqirilmadi, bu bo‘yicha boshqa hech qanday muammo yo‘q. Chaqirilmagan o‘yinchilar xavotir olishmasa ham bo‘ladi, ular keyingi yig‘inlarga jalb etishimiz mumkin. Terma jamoada hech kimga joy kafolatlanmagan. Ammo, tan olaman, barchaning o‘z didi va tanlovi bor. Menga yoqqan o‘yinchi boshqaga yoqmasligi mumkin. Turnirga olib ketish mumkin bo‘lgan futbolchilar soni cheklangan.

– Umid Ahmadjonov tarkibni yoshartirishga chaqirgan edi. Rahbarlar bilan bu masalada gaplashdingizmi?
– Sizlar nima xohlaysizlar? JChga chiqishnimi, jamoani yoshartirishnimi, har o‘yinda 3ta gol urishimiznimi, har o‘yinda 70 foiz to‘pga egalik qilishimiznimi? Xammalaringni tushunaman. Jamoani yoshartirmaymiz, demoqchi emasman. Albatta, buni qilamiz, lekin men terma jamoa murabbiyi sifatida OTJga asoslanamiz, ularning o‘yinlarini kuzatamiz. Lekin ularning ham o‘z murabbiylari bor.

– Rahbariyat yoshlarni jalb eting, deb aytsa-chi?
– Menga prezident (O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov nazarda tutilmoqda) hozircha bunday gapni aytgani yo‘q.

O‘zbekiston terma jamoasi 22 mart kuni «China Cup» yarim finalida Urugvay termasiga qarshi maydonga tushadi. Undan avvalroq, 21 martda Xitoy va Tailand termalari dastlabki finalchini aniqlashadi. Uchinchi o‘rin va sovrin uchun bahslar 25 martga belgilangan.

 

Top