8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

12:40 / 14.03.2019 17350

Messidan Ronalduga javob: Uning dubli va paslari «Lion»ni yakson etdi

Foto: TF-Images/Getty Images

«Barselona» «Kamp Nou»da «Lion»ni 5:1 hisobida taslim etib, ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra (birinchi o‘yinda 0:0), chorak finalga chiqdi.

«Barselona» (Ispaniya) - «Lion» (Fransiya) - 5:1 (2:0) 
Gollar: Messi, 18 - penalti (1:0). Koutinyu, 31 (2:0). Tuzar, 58 (2:1). Messi, 78 (3:1). Pike, 81 (4:1). U.Dembele, 86 (5:1).  
«Barselona»: ter Shtegen, Pike, Jordi Alba, Serji Roberto (Semedu, 83), Langle, Rakitich, Buskets, Koutinyu (U.Dembele, 70), Artur (Vidal, 74), Messi, Suares. 
«Lion»: Antoni Lopesh (Gorjyelen, 34), Marselu, Denayyer, Dyubua, Marsal, Mendi (Korne, 77), Depay (Traore, 73), Fekir, Tuzar, Ndombele, Mus.Dembele. 
Ogohlantirishlar: Marsal, 33. Mus.Dembele, 45+4. Langle, 49. 
Hakam: Marchinyak (Polsha).
13 mart. Barselona. «Nou Kamp» stadioni. 
Birinchi o‘yin - 0:0.

Ispanlar gegemonligi tugashi
Keyingi 5 mavsumda «quloqli kubok» Ispaniya vakillariga nasib qilgandi (4tasi «Real»ga va bittasi «Barselona»ga), oxirgi 5 finaldan ikkitasi «Atletiko»ning sa'y-harakatlari evaziga ispancha finallar bo‘lgan. Bu mavsumda esa finalda ispan jamoasi bo‘lishi ehtimoli keskin kamaydi, «Real» va «Atletiko» turnirni nimchorak finaldayoq tark etdi. La Liganing uchinchi vakili «Barselona» ham chorak finalga o‘tishi savol ostida qolgandi, «Lion» o‘z maydonidagi birinchi o‘yinda 0:0 hisobiga erishdi va endi safar o‘yinidagi bir gol ikkitaga yurishi aniq edi.

Leodan panenka
Fransiyadagi birinchi o‘yinda «Barsa» vakillari juda ko‘p imkoniyatlarni ko‘kka sovurishgandi, javob o‘yini ham shunday boshlandi. Maydon egalari o‘yinning dastlabki 15 daqiqasini besamar zarbalar berish bilan o‘tkazishdi, keyin esa Messi va Suares mehmonlarning chap qanotidan chiroyli hujum uyushtirishdi, Jyeyson Denayyer urugvaylik hujumchini jarima maydoni ichida yiqitishdi, arbitr esa «nuqta»ni ko‘rsatdi.

Bu vaziyat videosida ko‘rish mumkinki, fransuzlar jamoasi himoyachisi to‘pga o‘ynagan, Suares esa avval uning oyog‘ini bosib, keyin namoyishkorona yiqilgan. O‘yin hakami Shimon Marchinyak bu vaziyatda videohakamga murojaat qilmadi, videohakam ham unga videotakrorni ko‘rsatib, vaziyatga oydinlik kiritishga jazm qilmadi. Keyinroq, fransuz nashrlarida yozilishicha, bu vaqtda texnik nosozlik yuzaga kelgani tufayli VAR’dan foydalanib bo‘lmagan.

Leo bu mavsumda urfga kirganidek zarbani panenka uslubida darvozaga yo‘lladi va Lopeshni dog‘da qoldirdi - keyingi vaqtlarda Ramos, Suares va Aguero kabi futbolchilar ijrosida to‘p darvozaga parashyut bo‘lib tushganini ko‘p ko‘rdik.

Endi o‘yinda qo‘shimcha bo‘limlar bo‘lmasligi aniq edi.

Darvozabonning almashtirilishi
Buning ustiga fransuzlarga yana bir yoqimsizlik qo‘shildi. Koutino darvozaga xavf solgan vaqtda mehmonlar darvozaboni uni qarshi oldi va to‘p juda yaqin masofadan uning yuziga tegdi. Shundan keyin shifokorlar maydonda 5 daqiqa davomida darvozabonga yordam ko‘rsatishdi, zaxira darvozabon o‘yinga tushishga tayyorlandi, Lopesh esa Kepa kabi demarsh qilib, maydonni tark etishdan bosh tortdi. Ammo 10 daqiqa o‘tgach, u o‘yinni davom ettira olmasligi ma'lum bo‘ldi va ko‘zda yosh bilan maydonni tark etdi, uning o‘rnini Matyo Gorjyelen egalladi.

Koutinoning goli
«Barselona» darhol hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi - Suares Arturning pasini qabul qilib olib, ajoyib fint ishlatdi va raqib himoyachilarini ortda qoldirib, bo‘sh darvoza qarshisida qolgan Koutinoga to‘pni yetkazib berdi.

Tuzarning javobi
Keyingi yarim soat davomida «qon isini sezgan» «Barsa» futbolchilari yana bir necha gol urishi mumkin edi, ammo Messi, Suares va kampaniya mehmonlarni bir necha vaziyatda «kechirdi». Ikkinchi bo‘lim boshida katalonlar bo‘shashdi va futbolchilar oliftalik qilishga o‘tishdi - ular namoyishkorona to‘pni bir-birlariga tovonlari bilan uzata boshlashgandi, lionliklar buning uchun ularni jazoladi. Maydon egalari jarima maydoniga qanotdan to‘p uzatilgan vaqtda tartibsizlik yuzaga keldi va to‘pga ega chiqqan Luka Tuzar hisobni qisqartiruvchi golni urdi.

Chap qanotga bosim
Ko‘k-anorranglilar yana gol urishi zaruriyatga aylandi, aks holda jamoani asabiy yakun kutardi. Valverde maydonga hujumni kuchaytirish uchun Dembeleni, maydon markazini mustahkamlash uchun Vidalni tashladi, «Barsa» esa hujumlar yo‘nalishi uchun chap qanotni tanladi. 

Messining «portlashi»
«Lion»ning Lionelga qarshi kurashi qanday yakunlanishi kerak bo‘lgan bo‘lsa, shunday yakunlandi. Uchinchi gol maydon markazidan uyushtirilgan hujum evaziga bo‘ldi - Busketsdan to‘pni qabul qilib olgan Leo oldinga yurdi va jarima maydoniga yaqinlashib, raqibning ikki futbolchisini uyoqdan-buyoqqa aldadi va keyin kuchli zarba berdi, to‘p Gorjyelenning qo‘llaridan o‘tib, darvoza to‘ri sari yumaladi. Hujumlar to‘lqini davom ettirildi va mehmonlar uzil-kesil taslim etildi, keyingi ikki golda argentinalik hujumchi assistent vazifasini bajardi - Pike va Dembele ham o‘z nomlarini tabloga yozdirishdi. Shu tariqa, Messi o‘yindagi to‘rt golni yuzaga keltirib, bir kun oldin «Yuventus»ni yelkasida chorak finalga olib o‘tgan Krishtianu Ronalduga o‘zi xos tarzda javob qaytardi.

«Barselona» rekord o‘rnatdi - kataloniyaliklarning YeChLda uy uchrashuvlaridagi mag‘lubiyatsiz seriyasi 30 o‘yinga yetdi. Endi YeChL chorak finalida Ispaniyadan bitta jamoa qatnashadi, bu jamoa «quloqli kubok» qatorasiga oltinchi marta Ispaniyaga kelishi uchun urinib ko‘radi.

Chempionlar ligasiga yana bir juftlik to‘qnashuvi kerak - «Barselona» – «Yuventus»!

Top