19:00 / 14.03.2019
25898

Olamshumul xayriyalar qilgan insonlar

Xayriya ezgu amal ekanligi isbot talab qilmas haqiqat. Barcha dinlarda, hamma jamiyatlarda muhtojlarga ko‘mak beruvchilar olqishlanadi. Dunyoda shunday saxiy insonlar, hamma taniydigan metsenatlar borki, ular qilgan xayriya mablag‘lari chindan ham hayratlantiradi, boshqalarni ham bunday harakatlarga chorlaydi.

Quyidagi ro‘yxatni kuzatarkanmiz bir haqiqatni tan olishga majbur bo‘lamiz: boylar xayriya qilishmaydi, xayriya qilganlar boy bo‘lishadi.

Bill Geyts

Foto: Getty Images

Amerikalik biznesmen Bill Geyts nafaqat uzoq yillar milliarderlar reytingini boshqargani bilan, balki ulkan xayriya aksiyalari bilan ham nom qozongan. 20 yil davomida uzluksiz yetakchi milliarder bo‘lgani holda u 2008 yilda Microsoft kompaniyasi boshqaruvini tark etishi va o‘zining asosiy vaqtini xayriya ishlariga qaratishini ma'lum qiladi. Bundan oldinroq u o‘z turmush o‘rtog‘i bilan “Bill va Melinda Geyts” xalqaro xayriya jamg‘armasiga asos solgan va o‘z aksiyalari va daromadlarining asosiy qismini shu jamg‘arma ixtiyoriga o‘tkazishini ma'lum qilgandi. 

Tez orada Bill Geyts o‘z va'dalarini amalda ham isbotlaydi va 2010 yilda qashshoq davlatlardagi asosiy muammolarni bartaraf etish uchun birvarakayiga 10 mlrd dollar ajratadi. Umuman bu jamg‘arma shu kunga qadar bezgak, OITS, hojatxonalar muammolari, sil kasalligi kabi global muammolarga qarshi 30 mlrd dollardan ortiq mablag‘ sarflagan.

Shuningdek, bugungi kunda deyarli 100 mlrd dollar egasiga aylangan Bill Geyts o‘z do‘stlari bo‘lgan milliarderlarni ham faol xayriyaga chorlaydi.

Uorren Baffet

Foto: AP Photo/Nati Harnik

Yana bir milliarder Uorren Baffet ham o‘zining xayriya ishlari bilan mashhur. “Har bir sohadan pul qiladigan korchalon” nomini olgan Baffet xayriyada ham hamma sohalarga sarflayveradi. U o‘z aksiyalarining 5 foizini turli jamg‘armalarga ko‘mak tarzida ajratgan. Uorren Baffet Bill Geytsning yaqin do‘sti bo‘lib, “Bill va Melinda Geyts” jamg‘armasiga o‘z xayrixohligini bildirgan va boshqa milliarderlarni ham xayriyaga chorlab “Va'da beraman” (ya'ni o‘z boyligimni xayriyaga sarflashga va'da beraman) degan tashabbus bilan chiqqan. Uning turli yillardagi umumiy xayriya mablag‘lari miqdori 25 mlrd dollardan ortadi.

Ingvar Kamprad

Foto: TT News Agency/Claudio Bresciani via REUTERS

O‘ta kamtarona hayot kechirishi bilan nom qozongan shved milliarderi umrining oxiriga qadar eski avtomobil mingan, xarobgina uyda yashagan, oddiy mebellardan foydalangan. Ishchilaridan ham qog‘ozning har ikki tomonidan foydalanishni talab qilgan. Boyligi 40 mlrd dollarga yetganida ham u bu odatlaridan voz kechmagan.

Shunga qaramay, Kamprad xayriyada juda faol bo‘lgan. U 1982 yilda asos solgan Stichting INGKA Foundation jamg‘armasi qator jiddiy muammolar bilan kurashadi. Milliarder o‘z kompaniyasidagi ulushini to‘laligicha xayriyaga sarflagan.

Maykl Blumberg

Foto: EPA/CHRISTOPHE PETIT TESSON

Taqriban 40 milliard egasi bo‘lgan Maykl Blumberg nafaqat zukko tadbirkor va biznes tahlilchisi, balki saxiy inson hamdir. U asosan o‘pka kasalliklari bilan kurashuvchi jamg‘armalarni qo‘llab-quvvatlashi bilan nom qozongan. Xususan sil kasalligi, bronxial astma va chekish asoratlarini yo‘qotish uchun 4,2 mlrd dollardan ortiq mablag‘ sarflagan. Shuningdek Blumberg yoshlarni chekishdan qaytarishga oid qator loyihalarga homiylik qiladi.

Ol-Valid bin Talal

Foto: REUTERS

Saudiyalik shahzoda 2015 yilda dunyo milliarderlari qilayotgan xayriyalardan ilhomlanib, o‘zi tasarrufidagi 32 mlrd dollarning barchasini xayriya jamg‘armalariga sarflashini e'lon qilib yubordi. U bu xabarni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga joyladi. Xayriya yo‘nalishini u ayollar huquqlarini himoya qilish va tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf qilish deb belgiladi. Bu ishdagi natijalari bo‘yicha aniq ma'lumotlar yo‘q, sababi Saudiya Arabistonida hukumat almashinuvi, xususan valiahd shahzodaning hokimiyat tizginini o‘z qo‘liga olishi ortidan ko‘pchilik milliarderlar o‘z mablag‘larining sezilarli qismini budjetga berishga majbur bo‘ldilar.

Alisher Usmonov

Foto: Mixail Metsel/TASS

Kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan milliarder Alisher Usmonov ham qator xayriya loyihalarini moliyalashtiradi. U asosan sport, xususan badiiy gimnastika va futbolga katta xayriyalar qiladi. Milliarder tomonidan 2006 yilda asos solingan “San'at, fan va sport” jamg‘armasi bu jarayon bilan bevosita shug‘ullanadi.

Alisher Usmonov O‘zbekistondagi jarayonlarga ham befarq emas. Prezident Shavkat Mirziyoyev rossiyalik milliarder tomonidan Namangan viloyatiga «Obod qishloq» dasturi amalga oshirilishi uchun 50 million dollar miqdorida beg‘araz yordam ajratilishi haqida ma'lum qilgan

Mark Tsukerberg

Foto: AP Photo/Eric Risberg

U Facebook asoschisi, u eng yosh milliarderlar yetakchisi, u eng ulkan xayriyalar sohibi. Tsukerbergning dastlabki ikki xislati haqida juda yaxshi bilasiz, biz aynan uchinchi xislatiga to‘xtalamiz.

Qizi tug‘ilishi arafasida u farzandiga atab yozgan xatini kelajakka yo‘llangan maktub sifatida ta'riflagan hamda o‘z aksiyalarining 99 (!) foizini xayriya maqsadlarida sarflashini ma'lum qilgan. 34 yoshli Mark Tsukerbergning boyligi 60-70 mlrd dollar atrofida ekanligi hisobga olinsa, hali biror milliarder bu qadar katta xayrga jazm qilmagani ma'lum bo‘ladi.

Milliarder o‘z rafiqasi Prissilla Chang bilan birga asosan bolalar salomatligi bilan bog‘liq masalalarda xayriya qilishadi.

Saxovatning kichigi ham ulkan savoblarga sabab bo‘lishi mumkin. Kun.uz mushtariylari ham xayriya ishlarida faolliklari bilan ajralib turishadi. Siz azizlar tomoningizdan qilingan ehsonlar tufayli yuzlab bemor hamyurtlarimiz o‘z dardlariga shifo topishmoqda, murakkab vaziyatlardan chiqishmoqda. Biz ko‘pchiligingizni tanimaymiz, lekin har biringizdan minnatdormiz.

Abror Zohidov.

Mavzuga oid
Top