8535.74 USD +17.06

9566 EUR -86.52

132.57 RUB +1.24

10746.5 GBP -101.19

14:16 / 14.03.2019 24823

YeChL. Qur'a haqida nimalarni bilamiz?

13 mart oqshomida Yevropa Chempionlar Ligasining bu yilgi musobaqalaridagi so‘nggi ikki chorak finalchi ham aniqlandi. Tabiiyki, barcha muxlislarni keyingi masala, chorak final qur'asi qiziqtiradi. 

Chorak final qur'asi 15 mart kuni UYeFAning Nondagi shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tadi. Tadbir Toshkent vaqti bilan soat 17:00da boshlanadi. 

Ma'lumki, chorak finalda Angliyaning to‘rt jamoasi – «Manchester Siti», «Liverpul», «Tottenhem» va «Manchester Yunayted», shuningdek, Italiyaning «Yuventus», Ispaniyaning «Barselona», Portugaliyaning «Portu» hamda Niderlandiyaning «Ayaks» jamoalari ishtirok etadi. 

Chorak finaldan hech qanday cheklovlar yo‘q, ya'ni, bir mamlakat klublari ham, guruh bosqichida birga bo‘lgan jamoalar ham endi raqib bo‘lishlari mumkin. Demak, chorak finalda «Yuventus» – «Manchester Yunayted» yoki xuddi o‘tgan yildagi kabi, «Manchester Siti» – «Liverpul» juftliklarini ham uchratishimiz ehtimoli bor. 

Yana bir jihatni e'tirof etish kerakki, bu yildan yarim final uchun alohida qur'a tashlanmaydi. Chorak final juftliklari aniqlangach, yarim final setkasi ham ma'lum bo‘ladi, ya'ni, chorak finaldagi qaysi juftlik g‘olibiga qaysi juftlik g‘olibi duch kelishi oldindan ma'lum bo‘ladi. Hatto, final o‘yinida qaysi juftliklardan chiqqan jamoa rasmiy mezbon, kim mehmon bo‘lishi ham ertaga aniq bo‘ladi. 

Eslatib o‘tamiz, final o‘yini 1 iyun kuni Madridda, «Atletiko» uy o‘yinlarini o‘tkazadigan «Vanda Metropolitano» stadionida o‘tkaziladi. 

Chorak finalda esa, 9-10 aprel kunlari dastlabki uchrashuvlar, 16-17 aprel kunlari javob uchrashuvlari belgilangan. Yarim final 30 aprel-1 may va 7-8 may kunlariga mo‘ljallangan. 

Yana shuni qo‘shimcha qilish mumkinki, Yevropa Ligasi chorak va yarim final juftliklari ham xuddi YeChLdagi kabi shaklda aniqlanadi va bu turnir qur'asi ham ertaga, 15 mart kuni bo‘lib o‘tadi.

Qur'ani Eurosport1, Match TV, Match Futbol1 hamda Futbol TV kanallarida jonli kuzatish mumkin.

Top