11:47 / 15.03.2019
12321

Toshkentdagi yangi aeroport qurilishi bo‘yicha texnik nazorat xorijiy kompaniyaga topshirildi

«O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatida Germaniyaning Airport consulting partners GmbH Beratende Ingenieure kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent-Sharqiy aerodrom bazasi asosida zamonaviy fuqarolik aviatsiyasi aeroport kompleksini qurish ishlarida hamkorlikda faoliyat olib borish, o‘zaro ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash bo‘yicha so‘z yuritildi.

Tadbirda fuqarolik aviatsiyasi aeroport kompleksini jahon talabalari darajasida bunyod etish, ayniqsa uchish va qo‘nish yo‘laklarini xalqaro talab va me'yorlarga amal qilgan holda qurish jarayonlari haqida mulohaza yuritildi. Shuningdek, texnik va texnologik jihatdan xavfsizlikni ta'minlash, hududdagi bino va inshootlarni bunyod etishda so‘nggi texnologiyalarni qo‘llash, bu borada hamkorlikda ish olib borish masalasi ham ko‘rib chiqildi. 

Uchrashuv so‘ngida Toshkent-Sharqiy aerodrom bazasi asosida zamonaviy fuqarolik aviatsiyasi aeroport kompleksini barpo etishda qurilish va texnik nazorat olib borish, ushbu jarayonni jahon talablari darajasida borishini ta'minlash maqsadida «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ Germaniyaning Airport consulting partners GmbH Beratende Ingenieure kompaniyasi bilan muhandis-maslahat xizmati bo‘yicha shartnoma imzolandi. 

Ma'lumot uchun: Airport consulting partners GmbH Beratende Ingenieure kompaniyasining 30ga yaqin davlatda vakolatxonalari mavjud. Yevropa, Janubiy Amerika va Osiyo qit'asidagi ko‘plab aeroport komplekslarini barpo etishda germaniyalik muhandislari ishtirok etishgan. Kompaniya asosan fuqarolik aviatsiyasini jahon talablari darajasida tashkil etilishini nazorat etish, zamonaviy muhandislik takliflari va loyihalari taqdim etish xizmati bilan shug‘ullanadi.

Top