20:30 / 15.03.2019
9993

Yevropaning yetakchi klublari klublararo jahon chempionatini boykot qilishlari mumkin

Yevropaning yetakchi klublari klublararo jahon chempionati formati o‘zgaradigan bo‘lsa, ushbu musobaqaga boykot e'lon qilish bilan tahdid qilishmoqda. Süddeutsche Zeitung nemis nashrining ma'lum qilishicha, bu haqda Yevropa klublari assotsiatsiyasi rahbari Andrea Anellining FIFA prezidenti Janni Infantinoga yuborgan maktubida aytilgan.

FIFA kengashi 15 mart kuni Mayamidagi yig‘ilishda klublararo jahon chempionati formati o‘zgarishini tasdiqlashi mumkin. Yangi o‘zgarishlarga ko‘ra, musobaqa ishtirokchilari soni 6 tadan 24 tagacha oshishi, musobaqaning o‘zi esa hozirgidek har yili dekabrda emas, balki har 4 yilda bir marta yoz faslida o‘tkazilishi mumkin. Jamoalar 3 tadan 8 ta guruhga bo‘linadi, pley-offga esa guruh g‘oliblari chiqadi. Ishtirokchilarning yarmi Yevropadan bo‘ladi.   

AP axborot agentligining ma'lum qilishicha, yangi format UYeFAdan tashqari, 6 ta konfederatsiyadan 5 tasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bunday formatdagi ilk musobaqani 2021 yilning 17 iyunidan 4 iyuligacha o‘tkazish rejalashtirilgan. Avval bu sanaga Konfederatsiyalar kubogini o‘tkazish rejalashtirilgandi.    

Shuningdek “Yuventus” klubi rahbari hisoblanadigan Anellining maktubini Yevropa klublari assotsiatsiyasi boshqaruvining 15 a'zosi, jumladan “Manchester Yunayted”, “Real”, “Barselona”, “Bavariya”, PSJ, “Ayaks” vakillari imzolagan.

“Assotsiatsiya FIFAning ishchi guruhga yangi musobaqaning iqtisodiy auditini o‘tkazishga ruxsat bermayotganidan tashvishda. Bunday qaror tegishli biznes-aspektlar batafsil baholangandan keyin qabul qilinishi kerak. Musobaqaning isloh qilinishi haqidagi qaror Yevropa futboli manfaatlariga ziddir”, deyilgan maktubda.

Klublararo jahon chempionati 6 ta futbol konfederatsiyasining eng kuchli jamoalari o‘rtasida o‘tkazib kelinadi. Musobaqa 2000 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 2005 yildan boshlab har yili o‘tkaziladi. Oxirgi musobaqa BAAda bo‘lib o‘tib, unda Madridning “Real” klubi zafar quchgandi.

Top