16:56 / 17.03.2019
110200

Yangi Zelandiya terrorida qahramonlik ko‘rsatgan Abdul Aziz voqea tafsilotlarini aytib berdi

Foto: REUTERS /Edgar Su

​Yangi Zelandiyada 28 yoshli Brenton Tarrantning mudhish terrori oqibatida 50 kishi halok bo‘ldi, yana ko‘plab odamlar yaralandi. Juma kuni masjidda qolgan musulmonlar ommaviy otib tashlandi. Terrorchi esa harakatini yashirib o‘tirmadi: u barchasini ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilgan. 

Ammo hodisa ishtirokchisi, 48 yoshli asli afg‘onistonlik Abdul Aziz bankomat yordamida terrorchini quvib yuborishga, qolganlar jonini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan. 

«U harbiy libosda edi. Uning ko‘rinishidan kimlarga mansubligini bilib bo‘lmasdi. U menga so‘kinishni boshlaganda, qurol ko‘targan kishi yaxshilardan emasligini tushundim», — deya Reuters'ga intervyu bergan u. 

Azizning aytishicha, masjiddagi otishma boshlanganda u kredit karta mashinasidan (bankomat)​ qalqon va qurol sifatida foydalangan. Mergan terrorchi o‘qdoni tugagach, mashinaga qaytadi va mashinaga yaqinlashganda Aziz bankomatni mashinalar orasidan uloqtirgan. 

«U qurolni uloqtirib, boshqasini oldi. Men esa u tashlagan qurolni qo‘limga oldim, lekin unda o‘qdon yo‘q ekan. Men unga baqirib, o‘zimga chorladim. Maqsad —​ uning e'tiborini o‘zimga tortish. U esa masjidga yo‘l oldi, men ham ortidan yurdim», — deydi u intervyusida.

Terrorchi bilan to‘qnash kelgan Aziz o‘qdoni yo‘q qurolni unga qaratgan, Tarrant esa qo‘lidagi qurolni ham tashlab qochishga tushgan.

«U mashinasiga borib o‘tirganda men avtomobil oynasidan unga qaratib qurolni​ otdim. Bu paytda to‘rt farzandim ham masjid atrofida bo‘lgandi», — deydi u.

Foto: REUTERS /Edgar Su

Azizning sa'y-harakati bilan yuzga yaqin musulmon birodarlar otishmada omon qoldi.

​«Masjidga kirganimda barcha qo‘rquvdan dong qotgandi, ularga qo‘rqmaslikni, u ketganini bildirdim. Shunda hamma yig‘lashni boshladi», — deya hikoya qilib bergan Aziz.

​Terrorchi hodisadan 36 daqiqa o‘tib ushlandi. U qotillikda ayblanib, hibsga olingan. Tinimsiz urushlar iskanjasida qolgan vatani — Afg‘onistonni tark etib, Yangi Zelandiyaga kelgan Aziz Kraystcherch shahrida 2,5 yildan buyon istiqomat qiladi va mebel do‘konini yuritadi.

Shunga qaramay, otishma chog‘ida yaqinlarini himoya qilmoqchi bo‘lgan boshqalarning ko‘pi halok bo‘ldi. Xususan, kelini Naima Xonni o‘qdan to‘sib qolgan 50 yoshli Naim Rashid va uning 21 yoshli o‘g‘li voqea joyining o‘zida jon taslim qilgan. ​

Top