12:39 / 18.03.2019
7045
Izboskanlik 7 yoshli Abdulboqiyni murakkab operatsiya kutyapti. Ko‘mak zarur...

Andijon viloyati Izboskan tumani Poytug‘ shaharchasining Yangibozor ko‘chasida yashovchi Mashhura Boymirzayeva saytimizga murojaat qilib, 7 yoshli farzandi Abdulboqiyning kutilayotgan jarrohlik operatsiyasi uchun xayriya uyushtirishga yordam berishimizni so‘radi.

Ularning xonadoniga borib yashash sharoiti bilan tanishdik. Boymirzayevlar oilasida uchta o‘g‘il farzand ulg‘aymoqda. O‘rtancha farzand Abdulboqiy og‘ir bemor.

Bolaning tashxisi – tug‘ma yurak porogi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

“Farzandimiz Abdulboqiy tug‘ilganida shifokorlar “sog‘lom dunyoga keldi” deyishgan edi. Chaqaloqning og‘irligi 5 kilogrammdan yuqori bo‘lgan. Oradan 10 oy o‘tib, tishlari chiqishni boshlaganida tekshirishib, yuragida  nuqson borligini, uzluksiz davolatib yursak, 3 yilda bitib ketishini aytishdi. Biroq yurakdagi tuynuk bitib ketmadi. Olib bormagan kasalxonamiz, tabiblarimiz qolmadi hisob...

Oldinlari har olti oyda Andijon shahridagi “Furqat” shifxonasida davolanar edik. Endi borgan sari ahvoli yomonlashib har oyda yotyapmiz. Abdulboqiy tez charchaydi. Nafasi qisadi. Ko‘karib qolayotgani uchun maktabdagi o‘qituvchisi ham o‘qitishga qo‘rqdi. Bolam maktabda a'lo baholarga o‘qiyotgan edi. Ziyrak, zehni o‘tkir, intilishi zo‘r. Biroq... Uni davolatamiz deb, bitta hovlimizni sotdik. Davolatishimiz besamar ketdi. “Davolaydi! Tuynukni berkitadi” deya tavsiya qilishgan dori-darmonlarni olti oy ichirdik. Yurakdagi teshik 2,8 mm edi, endi 3,2 mm bo‘lib kattalashib ketdi. Poytaxtga, pediatriya institutiga konsultatsiyaga olib bordik. Toshkentda akademik Vohidov nomli shifoxonada ham tekshirishdi. Ular Abdulboqiyning operatsiyasi uchun 50 million so‘m zarurligini aytishdi. Shundan beri mana shu mablag‘ni yig‘a olmaymiz. Har oyda ketadigan dori-darmonlariga zo‘rg‘a yetkazyapmiz. Otasi mavsumiy ishchi. Men hech qayerda ishlamayman.

O‘tgan hafta Andijon bolalar kasalxonasidagi ko‘rikda shifokor, “Bola ulg‘ayyapti. Tezroq operatsiya qildirmasangiz donor kerak bo‘ladi”, dedi. Shundan beri halovatimiz yo‘qolgan. Yaxshi insonlardan bolamizning jarrohlik operatsiyasi uchun yordam berishlarini o‘tinib so‘raymiz”, deydi bemor bolaning onasi Mashhuraxon Boymirzayeva.

To‘g‘risi, Abdulboqiyni birinchi bor ko‘rgan odam uni bemor demaydi. Sho‘x, tinib-tinchimas so‘zamol bola. Onasini xafa qilmaslik uchun joni og‘risa ham bildirmaslikka harakat qilar ekan. Bizga maktabda yodlagan she'rlaridan o‘qib berdi. Zehni o‘tkir ekanligi bilinib turibdi. Ba'zida kasalligini unutib, akasi Abdulboriy va ukasi Muhammaddiyor bilan yugurib qo‘yar ekan. Ana shunda kasallik xuruj qiladi. Onasining ko‘zlari yoshga to‘ladi. Bolakayning ishonch bilan “Ulg‘aysam, albatta harbiy shifokor bo‘laman”, degani haligacha qulog‘imizda jaranglab turibdi.

Azizlar.. Abdulboqiyning operatsiyasi yaqin. Bolakay uchun savob istagan insonlardan ko‘mak so‘raymiz. Sho‘x va zehnli Abdulboqiyning onasi-otasi, buvisi bag‘rida o‘sib-ulg‘ayishi, qiqirlab kulishi uchun hissa qo‘shaylik. O‘ylaymizki, ehsonli kishilar ushbu maqolamizni bee'tibor qoldirmaydilar.

Abdulboqiyning otasi Boymirzaev Abdurasul nomiga ochilgan karta

Click/PayMe: 8600 0423 9293 1761 (Agrobank)

MFO: 00045

INN: 200272124

Naqd pul to‘lovlari uchun: 23116000200000045001

Pul o‘tkazish yo‘li bilan to‘lovlar uchun: 23120000700000045001

Bemor Abdulboqiyning onasi Mashhura Boymirzayevaning telefon raqami: +998 94 388 90 79

Xorijdan bankdan mablag‘ yubormoqchi bo‘lganlar uchun onasini pasport ma'lumotlari: Boymirzaeva Mashxura Pasport raqami: AB 83885869

Elmurod Ermatov tayyorladi


Hurmatli "UZCARD" kartochka egalari! "UZCARD" tizimi sizni ogohlantiradi!

Hech kimga va har qanday vaziyatda plastik kartangizga taalluqli ma'lumotlarni, ayniqsa telefon raqamingizga kiruvchi SMS xabarlarni (masalan, To'lovni tasdiqlash kodi: 123456. Kodni hech kimga bermang" yoki "Kod oplati. Nikomu ne soobshayte etot kod. 123456") oshkor qilmang. Sizga yordam pulini plastik kartochkasidan o‘tkazib berayotgan noma'lum shaxs telefon orqali murojaat qilib mobil telefoningizga kelib tushayotgan SMS — kodlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni bilmoqchi bo‘layotganini sezgan bo‘lsangiz, bilingki ushbu shaxs firibgarlik yo‘li bilan kartochka hisob raqamingizdagi pul mablag‘larini o‘g‘irlashga urinmoqda. Agar karta hisob raqamingizdan pul mablag‘lari o‘g‘irlanayotganini sezgan bo‘lsangiz darhol kartochkangizni olgan bankingizga kartani bloklash uchun murojaat qilishingiz yoki ushbu amaliyotni bevosita o‘zingiz mobil yoki veb ilovada bajarishingiz mumkin.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Top