21:53 / 18.03.2019
31059

Mehnat daftarchalarini yuritish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirishlar kiritish haqida

O‘zbekiston bandlik va mehnat munosabatlari vazirining buyrug‘i bilan “Mehnat daftarchalarini yuritish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma”ga o‘zgartirishlar kiritildi.

Buyruqqa muvofiq:

2.10-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etildi: “Mazkur ma'lumotlarni yozgan shaxsning imzosi korxona muhri bilan (muhr mavjud bo‘lgan taqdirda) tasdiqlanadi.”.

2.11-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etildi: “O‘zgartirilgan yozuvlar mehnat daftarchasining birinchi betiga kiritiladi. Ilgarigi familiyasi, ismi, otasining ismi yoki tug‘ilgan kuni to‘g‘risidagi yozuv ustidan bir chiziq chizilib, yangi ma'lumotlar yozib qo‘yiladi. Yozuvlar muqovaning ichkari betiga yozilib korxona rahbarining yoki uning tomonidan maxsus vakolat berilgan shaxs imzosi hamda korxona yoki xodimlar bo‘limi muhri bilan (muhr mavjud bo‘lgan taqdirda) tasdiqlanadi.”.

3.1-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etildi:

“Xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimning mazkur tashkilotda ishlagan davrida mehnat daftarchasiga kiritilgan ishi to‘g‘risidagi ma'lumot (yozuv)lar korxona rahbari yoki uning tomonidan maxsus vakolat berilgan shaxsning imzosi va korxona yoki xodimlar bo‘limining muhri bilan (muhr mavjud bo‘lgan taqdirda) tasdiqlanadi.”.

6.1-bandning yettinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etildi: “Mehnat daftarchalarini qabul qilib olish va sarf qilish hamda ularni hisobotini olib borish kitoblarining sahifalarida son raqamlari qo‘yilgan bo‘lishi hamda ular ip bilan tikilib, ish beruvchi rahbari imzosi va surg‘uchli muhr bilan (muhr mavjud bo‘lgan taqdirda) mustahkamlangan bo‘lishi shart.”.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidentining 2017 yil 24 maydagi farmoniga muvofiq, mamlakatda xodimlarning ish joyi va davlat ijtimoiy sug‘urtasiga to‘lov qilgan davri bo‘yicha ro‘yxatga olishning «elektron mehnat daftari» tizimi joriy etilishi munosabati bilan 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab birinchi marta ishga joylashtirilgan xodimlarga qog‘oz shaklidagi mehnat daftarchalari berilishi to‘xtatilishi belgilangandi. 

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev O‘zbekistonda “elektron mehnat daftari” tizimi biroz keyin ishga tushishini bildirgandi.

Mavzuga oid
Top