21:39 / 18.03.2019
11931
Yashirincha valuta olib chiqishga urinish fosh etildi

Toshkent xalqaro aeroporti chegara bojxona posti  xodimlari naqd xorijiy valutalarini yurtimizdan yashirincha olib chiqishga urinishni o‘z vaqtida fosh etishdi.

Jumladan, “Toshkent-Moskva” yo‘nalishi bo‘yicha safarga otlangan fuqaro L.O. belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazildi. Natijada, fuqaro egnidagi kiyimlari orasidan bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilgan summadan tashqari, og‘zaki so‘rovda ma'lum qilinmagan 3000 AQSh dollari naqd xorijiy valutasi borligi aniqlandi.

Shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi reys bilan uchib ketayotgan yana bir fuqaro T.S. belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilar ekan, uning yuklari orasida deklaratsiyada ko‘rsatilgan summadan tashqari, 3600 AQSh dollarini yashirincha olib o‘tayotgani fosh etildi.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Ta'kidlash joizki, amaldagi tartiblarga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashash joyiga ega bo‘lgan chet ellik fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga 5 000 AQSh dollariga teng yoki undan oshmaydigan miqdorda naqd xorijiy valutani yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatgan holda erkin olib chiqib ketishlariga ruxsat etiladi.

Belgilangan summadan ortiqcha naqd xorijiy valutani olib chiqib ketish uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining tegishli ruxsatnomasi talab etiladi.

Norezidentlar, ya'ni O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan yoki O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan chet ellik fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan naqd xorijiy valutalarni olib chiqish ular tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga kirish chog‘ida to‘ldirilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida amalga oshiriladi. Ya'ni, kirishda to‘ldirilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilgan naqd xorijiy valuta summasidan ortiqcha bo‘lmagan miqdordagi naqd xorijiy valutalarni olib chiqishga ruxsat etiladi.

Top