21:31 / 19.03.2019
10386

Argentinalik topib olgan yarim million dollarni egasiga qaytarib berdi  

Foto: RIA Novosti

Argentinaning Nogoya shahrida yashovchi erkak yarim million dollar topib olib, uni egasiga qaytarib berdi va undan ish berishni iltimos qildi. Bu haqda Perfil nashri xabar berdi. 

Pulni topib olgan Xose Sanches rafiqasi va ikki farzandi bilan ijaraga olingan uyda yashaydi, uning doimiy daromad manbai yo‘q. U bir erkak telefonda suhbatlasha turib, yo‘ltanlamasga o‘tirayotganda ko‘chada portfelini unutib qoldirganiga ko‘zi tushadi. Shunda Sanches erkakni to‘xtatmoqchi bo‘lgan, biroq erkak uni payqamagan.

Sanches ne ko‘z bilan qarasin, portfelda yarim million dollar bo‘lgan. Sanchesning aytishicha, u hech qachon bunday ko‘p miqdorda valuta ko‘rmagan.

Sanches politsiyaga qo‘ng‘iroq qilganda unga hech kim javob bermagan. Shunda u mahalliy radioga pullar egasini topishda yordam berish iltimosi bilan murojaat qilgan. Keyinroq pullar egasi va Sanches uchrashishgan va tadbirkor o‘z portfelini ortga olgan.

Pullar egasi Sanchesga minnatdorlik sifatida million peso (25 ming dollar) yoki kvartira berishni taklif qilgan, biroq erkak pullardan voz kechib, tadbirkordan unga ish berishni iltimos qilgan. Tadbirkor uning iltimosini bajarishga va'da bergan. Bundan tashqari, bu voqea mahalliy radioda ovoza bo‘lgach, Sanchesga ish haqida ko‘plab takliflar tusha boshlagan.

Ayni vaqtda Argentina iqtisodiyoti yuqori inflatsiya va kommunal xizmatlar narxi muntazam oshayotgani sababli murakkab davrni boshdan o‘tkazmoqda. Argentina statistika instituti ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakatda ishsizlik darajasi 2018 yilning 3 choragiga ko‘ra 9 foizni tashkil qilgan. 

Mavzuga oid
Top