15:01 / 19.03.2019
34370

Londonda milliardlab dollarlik shubhali ko‘chmas mulk topildi

Foto: Matthew Cattell / Getty Images for Samsung Galaxy S8

Angliya va Uelsda soliq boshpanalarida ro‘yxatdan o‘tgan anonim kompaniyalarga tegishli bo‘lgan 87 mingta ko‘chmas mulk obekti aniqlandi. Bu ma'lumot Global Witness korrupsiyaga qarshi nodavlat tashkiloti hisobotida keltirilgan.

Aktivlar kamida 74,3 mlrd dollar qiymatida baholanmoqda. Global Witness Britaniya parlamenti qo‘mitasiga ma'lumotlarni taqdim etgan. Ta'kidlanishicha, 2016 yilda hukumat ko‘chmas mulkning yakuniy egalarini reyestrga kiritishni rejalashtirgan, ammo jarayon sekin ketmoqda. Anonim ko‘chmas mulkning 40 foizi Londonda joylashgan, shu bilan birga, ularning katta qismi, taxminan 10 mingtasi Vestminsterdadir.

«Britaniyadagi mulklar jinoyatchilar va korrupsiyaga aralashgan shaxslarning pul o‘g‘irlash hamda o‘g‘irlangan mablag‘larni yuvish uchun eng sevimli vositalaridan biri ekani oydinlashib bormoqda», - deya qayd etib o‘tdi Global Witness vakili Ava Li. 

Tashkilotdan ma'lum qilishlaricha, bu boradagi surishtiruvlar jinoyatchilar va korrupsiyaga aralashgan siyosatchilar o‘z daromadini yashirish uchun Britaniya ko‘chmas mulk bozoridan qanday foydalanishi mumkinligi, shuningdek, o‘zi va oilasi uchun xavfsiz boshpanani qanday ta'minlay olishini ko‘rsatib bergan.

Bu yil boshida Buyuk Britaniyada firibgarlik, korrupsiya va pul yuvish bilan kurashish bo‘yicha maxsus guruh shakllantirila boshlandi. U, birinchi navbatda, Rossiya va sobiq SSSR respublikalari, Osiyo hamda Nigeriyadan moliyaviy oqimlarni kuzatib boradi.

Mavzuga oid
Top