18:09 / 19.03.2019
7716
O‘zbekistonda eksport-import aynan qanday qilib soddalashtirilishi aytildi
Foto: Shutterstock

So‘nggi yillarda mamlakatda eksport va importning izchil rivojlanayotganligi kuzatilmoqda. Biroq, qabul qilinayotgan chora-tadbirlarga qaramay, O‘zbekiston Jahon Bankining “Biznesni yuritish – 2019” hisobotida “Xalqaro savdo” indikatori bo‘yicha 165-o‘rinni egalladi, deb xabar beradi Adliya vazirligi.

«Doing business» reytingidagi ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda chegara va bojxona nazoratida eksportni amalga oshirish vaqti 112 soatni tashkil etadi. Bunda hujjatlarni rasmiylashtirishga - 96 soat va 570 AQSh dollari sarflanmoqda. Importni amalga oshirishda chegara va bojxona nazoratida hujjatlarni rasmiylashtirishga 174 soat va 570 AQSh dollari sarflanyapti.

Ayni damda mazkur indikator bo‘yicha yuqori o‘rinlarga ega xorijiy mamlakatlarning eksport/import uchun sarflanadigan vaqti va xarajatlari miqdori nolga yaqin.

Xususan, Daniyada (1-o‘rin) bojxona chegara nazoratidagi vaqt va xarajatlar miqdori nolga teng, hujjatlarni rasmiylashtirishga atigi 1 soat vaqt sarflanadi. Belarusda (25-o‘rin) eksportni amalga oshirish uchun chegara va bojxona nazorati uchun 5 soat, hujjatlarni rasmiylashtirishga 4 soat va 168 AQSh dollari mablag‘ sarflanadi. Importni amalga oshirishda chegara va bojxona nazorati uchun sarflanadigan vaqt 0 soat, hujjatlarni rasmiylashtirishga – 4 soat va 0 AQSh dollari sarflanadi.

Shu bois, Adliya vazirligi Davlat Bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda bojxona tashqi iqtisodiy

va chegara postlarida ruxsatnoma hujjatlarini rasmiylashtirish tartib-taomillari, nazorat tartib-taomillaridan o‘tish sohasidagi qonunchilik

va huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rgandi.

Tahlil natijalari ruxsatnoma hujjatlari va bojxona rasmiylashtirish uchun tegishli organlarga taqdim etilayotgan ortiqcha byurokratik tartib-taomillar, talablar va hujjatlar mavjudligini ko‘rsatdi.

Ular orasida:

veterinariya va karantin organlaridan ruxsatnoma hujjatlarini rasmiylashtirish uchun eksport/import amalga oshirilishidan 30 kun oldin murojaat qilish zarurligi to‘g‘risidagi talab;

ortiqcha 10 turdagi hujjatlarni taqdim etish (shartnoma, tovarga ilova qilinadigan hujjatlar, fumigatsiya akti, me'yoriy hujjatlar nusxalari va b.sh);

hujjatlarni qog‘oz variantida taqdim etish zaruriyati, “yagona darcha” bojxona axborot tizimining to‘liq ishlamasligi hujjatlarni elektron tarzda rasmiylashtirishga o‘tish, nazorat jarayonlarini avtomatlashtirish va idoralararo samarali hamkorlikni ta'minlash imkonini bermayapti.

Bundan tashqari, postlarda nazoratdan o‘tish jarayonlarining past darajada avtomatlashtirilgani hamda nazorat tartib-taomillaridan o‘tishda reglamentning yo‘qligi ushbu jarayonni tezlashtirishga to‘sqinlik qilmoqda.

Masalan, “Yallama” postida xronometraj o‘tkazilganda bir yuk avtotransport vositasi 74 daqiqada nazorat tartib-taomili (chegara, bojxona, veterinar, fitosanitar, sanitar-karatin nazorati)dan o‘tdi. Hujjatlarni tekshirishga qariyb 10 daqiqa, bojxona ko‘rigiga – 5 daqiqa vaqt sarflandi va oxirida hujjatlar hamda yukda kamchiliklar aniqlanmadi. Ayni paytda 60 daqiqa vaqt faqat kutishga sarflandi.

Tovarlarni import qilishda import qiluvchi shaxsga qog‘oz variantidagi hujjat (“begunok”) beriladi. Unda bojxona nazorati, chegara nazorati, transport tekshirilgani haqidagi, veterinar nazorati, sanitar-karantin nazorati, karantin-fitosanitar nazorati bo‘yicha 6 ta ruxsatnoma muhri qo‘ydirilishi kerak. Hatto, import qilinayotgan tovar veterinar xizmati nazoratidan o‘tmaydigan tovar hisoblansa ham, baribir veterinariya nazorati vakilidan muhr bostirilishi lozim.

Shu bilan birga, postlarda nazorat organlari faoliyatida (bojxona organlaridan tashqari) tavakkalchiliklarni boshqarish tizimining mavjud emasligi ham har bir transport vositasi va yukni tekshirish zarurligini taqozo etmoqda. Bu tartib-taomillardan o‘tish davomiyligining oshishiga hamda tegishli nazorat samaradorligining pasayishiga olib kelmoqda.

Ushbu sohadagi ilg‘or xorijiy tajriba o‘rganilganda, ko‘pgina davlatlarda zarur hujjatlarni “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha real vaqt rejimida rasmiylashtirish va olish imkonini beradigan zamonaviy axborot tizimlarining joriy etilgani, bojxona, chegara va boshqa nazoratlardan avtomatlashgan tizimlar orqali o‘tilishi, ortiqcha tartib-taomillar

va hujjatlarning bekor qilinishi eksport/importni amalga oshirishda moliyaviy xarajatlar va vaqtni tejashga yordam berganligi ma'lum bo‘ldi.

Shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishdagi masalalarni yanada to‘la qamrab olish maqsadida Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» telegramm kanalida tadbirkorlar o‘rtasida ushbu sohadagi kamchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar olish yuzasidan so‘rov o‘tkazildi. Natijada, «qonunchilikbot» orqali tadbirkorlarning 100 dan ortiq taklif va fikrlari kelib tushdi. Ushbu takliflar mazkur sohani takomillashtirishda e'tiborga olindi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, Adliya vazirligi tomonidan postlarda ruxsatnoma hujjatlarini rasmiylashtirish va nazoratdan o‘tish uchun zarur bo‘lgan tartib-taomillar, muddatlar va hujjatlarni qisqartirish;

talabnomalarni real vaqt rejimida taqdim etish va ruxsatnoma hujjatlarini o‘zlashtirilgan QR-kod bilan birga olish, TIF TN kodi asosida avtomatik tahlil o‘tkazish, ruxsatnoma hujjatlarini rasmiylashtirish jarayonini uzoqdan turib ham kuzatib turish imkonini beradigan bojxona axborot tizimining faoliyat yuritishini to‘la ta'minlash;

postlarda nazorat tartib-taomillaridan o‘tish reglamenti hamda tavakkalchiliklarni boshqarish tizimini ishlab chiqishni nazarda tutadigan normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqildi.

Top