09:08 / 19.03.2019
33586
Toshkentdagi «Oqlon» mahallasida oltita uy yonib ketdi

2019 yilning 18 mart kuni soat 11:25da Toshkent shahar IIBB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi Yong‘inni o‘chirish kuch va vositalarini boshqarish va muvofiqlashtirish markaziga Toshkent shahar Shayxontohur tumani “Oqlon” mahallasi, Ko‘kcha darvoza tor ko‘chasida joylashgan uylarda yong‘in sodir bo‘layotganligi haqida xabar kelib tushgan.

Foto: IIV YoXBB

O‘zbekiston Respublikasi IIV YoXBB OAV bilan hamkorlik qilish bo‘linmasi ma'lum qilishicha, xabar asosida 8 ta yong‘in o‘chirish ekipajlari jalb etilgan. Birinchi bo‘linmalar soat 11:29da voqea joyiga yetib kelgan. Yong‘in soat 12:05da qurshab olingan va soat 12:34da to‘liq bartaraf etilgan. 

Yong‘in oqibatida Ko‘kcha darvoza tor ko‘chalarida joylashgan 4 ta va shu xonadonlarga tutash qurilgan Fuzuliy ko‘chasidagi 2 ta xonadonda jami 380 kv metr maydonda tom qismlari va ichki jihozlari yonib zararlangan.

Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘indan uylarning jami 500 kv metr maydoni saqlab qolingan. Tan jarohati olganlar va halok bo‘lganlar yo‘q. 

Yong‘inning taxminiy kelib chiqish sababi Ko‘kcha darvoza tor ko‘chasidagi 14-xonadonning oshxonasida yog‘ni qozonda dog‘lash uchun gaz plitasiga qo‘yib, nazoratsiz qoldirilishi. 

Moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda, deyiladi xabarda.

Top