17:50 / 20.03.2019
6136
17 nafar ayol Navro‘z bayramini oilasi bag‘rida kutib olish baxtiga muyassar bo‘ldi

Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari G. Marufova va Oliy sud raisi o‘rinbosari X. Yodgorov  Zangiota tumanida joylashgan jazoni ijro etish muassalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkuma ayollar bilan ochiq muloqot o‘tkazishdi. Muloqot jarayonida mahkuma ayollar bilan samimiy suhbat qurildi, ularning muammolari tinglandi, 15 nafar jazo o‘tayotgan ayolning arizasi qabul qilindi.  

Mahkuma ayollarga yurtimizda ayollar uchun yaratilgan imtiyozlar va shart-sharoitlar haqida atroflicha tushuntirish berildi.

19 mart kuni esa, Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati hamda jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tumani sudining ayollar jazoni ijro etish muassasasi va manzil-koloniyada sayyor sud majlislari bo‘lib o‘tdi. 

5 nafar jazo o‘tayotgan ayolning ishi Oliy sud tomonidan nazorat tartibida ko‘rib chiqilib, ularning sodir etgan qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, ahloqan tuzalish yo‘liga o‘tganligi hamda jazoning asosiy qismini o‘taganligi hisobga olinib, jazodan ozod qilindi.

5 nafar ayol Jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tuman sudi tomonidan jazoni ijro etish muassasasidan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi.

Shuningdek, ahloq tuzatish ishi jazosini ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirish haqidagi sud qarorlari bekor qilinib, 2 nafar ayol oilasi bag‘riga qaytarildi.

Bundan tashqari, manzil-koloniyada jazo o‘tayotgan 5 nafar ayol jazodan ozod qilindi. 

Umuman aytganda, Navro‘z bayrami yurtimizga kirib kelayotgan pallada 17 nafar ayol ushbu qutlug‘ ayyomni oilasi bag‘rida kutib olish baxtiga muyassar bo‘ldi. Yana 22 nafar ayol jazoni ijro etish muassasasidan manzil-koloniyaga o‘tkazildi.

 

Top