15:31 / 20.03.2019
92916

Abdulla Oripovning rafiqasi shoirning Islom Karimov va Shavkat Mirziyoyev bilan munosabatlari haqida gapirdi

O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning umr yo‘ldoshi Hanifa Mustafoyeva O‘zA’ga turmush o‘rtog‘ining so‘nggi yillari haqida gapirib berdi.

«Abdulla akaning oxirgi yetti yilda ko‘ngliga ozgina yorug‘lik kirgan bo‘lsa, bu Shavkat aka tufayli bo‘ldi (O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev - tah.). Hamma, hattoki shogirdlari ham yuz o‘girib ketdi. Shunday davr keldiki, ular eshikning yonidan o‘tishsa ham, uyga kirishmasdi. Uyushmaga qo‘ng‘iroq qilganida, u yerdagilar ko‘tarmasdi. Hattoki, poliklinikaga qo‘ng‘iroq qilsa, u yerdagi vrach telefonni ko‘tarmas edi. Anavi chol telefon qilyapti, deyishar ekan», - deydi u.

76 yoshli Abdulla Oripov o‘limidan oldin so‘nggi ikki oy davomida AQShning Texas shtatida qizi Mavluda Oripovaning uyida mehmonda bo‘lgan.

Shoirning xotini ma'lum qilishicha, o‘sha vaqtda faqatgina Shavkat Mirziyoyev Oripovga yordam ko‘rsatgan.

«Shavkat aka shu yetti yil davomida Navro‘z va yangi yilni nishonlash vaqtida uni yo‘qlab turdi. Men Shavkat akani Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi bo‘lib ishlayotganida birinchi marta ko‘rgandim. Keyin Jizzaxda ishladi, Samarqandda hokim bo‘ldi. Lekin hamma vaqt Abdulla aka bilan doimiy aloqada bo‘lar edilar. Nima ish qilsalar ham chaqirardilar. Abdulla aka bir oyda besh-olti marta borib kelardilar. Agar oxirgi vaqtda Abdulla akaning qalbiga jinday nur kirgan bo‘lsa, bu shu odam tufayli bo‘ldi», - deya ta'kidlab o‘tdi Hanifa Mustafoyeva.

Shuningdek, u Birinchi Prezident Islom Karimov va shoir Abdulla Oripovning munosabatlari haqida gapirib berdi.

«Men tirik guvohmanki, Abdulla aka umrining oxirigacha Birinchi Prezident haqida yomon fikrga ham bormadi, yomon ko‘rmadi ham shu odamni. Buni uning atrofidagilar qilyapti, bu menga emas, prezidentning o‘ziga qilingan narsa, deb hisoblardilar. Xafa bo‘lmas edilar hech qachon. Lekin yetti yil ichidagi iztiroblarini men hech ham hazm qila olmayman. Abdulla akaning butun umri bir bo‘ldi, shu oxirgi yetti yilda uyda o‘tirgani bir bo‘ldi», - dedi u.

Hanifa Mustafoyevaning ma'lum qilishicha, o‘sha vaqtda shoirni matbuot, televideniyedan uzoqlashtirishgan.

«Natijada, u umrining oxirida internet bilan bog‘landi», - deya qayd etib o‘tdi u.

Eslatib o‘tamiz, xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston davlat madhiyasi muallifi Abdulla Oripov 2016 yil 5 noyabr kuni AQShning Texas shtati Hyuston shahridagi klinikada uzoq xastalikdan so‘ng vafot etgan edi. 

Abdulla Oripov 1941 yili Qashqadaryo viloyatining Koson tumanidagi Neko‘z qishlog‘ida tug‘ilgan. 1963 yili Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning filologiya fakultetini tamomlagan. U o‘z mehnat faoliyatini “Sharq yulduzi” jurnalida adabiy xodim sifatida boshlagan. Keyinchalik mamlakatning turli nashriyotlarida muharrir, “Gulxan” jurnali bosh muharriri, Mualliflik huquqini himoya qilish respublika agentligi direktori vazifalarida mehnat qilgan. Ko‘p yillar mobaynida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida faoliyat ko‘rsatib, adabiy maslahatchilikdan ushbu nufuzli ijodiy tashkilotning raisi lavozimigacha bo‘lgan mas'uliyatli yo‘lni bosib o‘tgan.  

Abdulla Oripov ko‘p yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati va Senati a'zosi sifatida ham faoliyat olib borgan. U “O‘zbekiston xalq shoiri”, “O‘zbekiston Qahramoni” faxriy unvonlari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti va “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan edi.

Mavzuga oid
Top