14:02 / 20.03.2019
6295

Andijonda O‘zbekiston boks federatsiyasining sayyor yig‘ilishi o‘tkazildi

O‘zbekiston boks federatsiyasi tomonidan Andijonda sayyor yig‘ilish o‘tkazildi. Unda sportning mazkur turiga daxldor bo‘lgan mutasaddilar, Andijon, Namangan, Farg‘ona boks federatsiyalari vakillari, faxriy sportchilar ishtirok etdi.

Anjumanda so‘z olgan O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Oybek Qosimov, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Po‘latovlar mamlakatda boksning rivoji va ommaviyligini yangi sifat bosqichiga olib chiqish, nufuzli xalqaro turnirlarda yangi g‘alabalarga erishish uchun rejalashtirilayotgan ishlar haqida ma'ruza qildilar.

Andijon boksi vakillari, taniqli mutaxassislar Mars Qo‘chqorov, O‘tkirbek Haydarovlar ham o‘z fikrlarini bayon etishdi. Andijonlik boks ustalari jahonda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan “Andijon boks maktabi”ning yanada rivojlanishi uchun moddiy texnika bazasini takomillashtirish, yosh iqtidorlarni voyaga yetkazish uchun Andijonda “Boks markazi” majmuasini qurish lozimligi haqida taklif kiritishdi.

Respublika mutasaddilari o‘z o‘rnida viloyatda mavjud boks maktabining nufuzini yanada oshirish uchun barcha yordamlarini ayamasligini bildirdilar.

Yig‘ilishda O‘zbekiston boks federatsiyasi Andijon viloyati bo‘limi raisligiga Zaynobiddin Ayubjonov saylandi.

Tadbirdan so‘ng mehmonlar shahardagi BO‘SM qoshida faoliyat yuritayotgan boks maktabi hamda olimpiya zaxiralari maktab-internatida bo‘lib mashg‘ulotlar jarayoni bilan tanishishdi.

Elmurod Ermatov, Andijon

Mavzuga oid
Top