20:12 / 20.03.2019
7528

Eron, JAR va Hongkong fuqarolari uchun viza rejimi soddalashtirildi

19 martdan e'tiboran Eron, Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) va Hongkong fuqarolari O‘zbekistonga kirish uchun elektron viza olish huquqiga ega bo‘ladi. Shuningdek, O‘zbekiston hududidan ko‘chmas mulk xarid qilgan Eron, JAR va Hongkong fuqarolari mamlakat hududida yashash huquqini qo‘lga kiritadi. Kun.uz muxbiri ishonchli manbaga asoslanib, shu haqida xabar berdi. 

2019 yilning yanvar oyida O‘zbekiston hukumati fuqarolari elektron kirish  vizasi olish imkoniga ega mamlakatlar ro‘yxatini kengaytirgan edi. 

Xalqaro munosabatlar rivoji, mamlakat turizm sohasi rivojiga ijobiy ta'sir ko‘rsatuvchi investitsion iqlimni yaxshilash uchun yanada qulay sharoit yaratish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti Farmoni bilan 2019 yilning 19 martidan ushbu mamlakatlar ro‘yxatiga shuningdek Eron Islom Respublikasi, Janubiy Afrika Respublikasi hamda Xitoy Xalq Respublikasining Hongkong maxsus ma'muriy mintaqasi ham kiritildi. 

Ayni shu Farmon bilan Eron, JAR va Hongkong fuqarolari O‘zbekistonda ko‘chmas mulk xarid qilish sharti bilan mamlakatda yashash huquqiga ega bo‘lishadi. 

Ta'kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasida yashashni istagan xorij fuqarolari hududlar kesimida quyidagi qiymatdagi ko‘chmas mulk obektini xarid qilishlari kerak bo‘ladi: 

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida: 400 ming dollardan;

Samarqand, Buxoro, Xorazm, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida: 200 ming dollardan;

Boshqa viloyatlarda: 100 ming dollardan boshlab.

Shu munosabat bilan yaqin vaqt ichida O‘zbekistonga kirib keluvchi sayyohlar oqimi yanada ko‘payishi kutilmoqda. 

Mavzuga oid
Top