01:18 / 20.03.2019
3828
Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi Rossiya bilan hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasi delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasi Milliy tibbiy palatasi bilan yaqindan hamkorlik qilishga doir kelishuvga erishdi. Moskva shahriga amalga oshirilgan ishchi tashrif davomida Milliy palata raisi Ravshan Izamov boshchiligidagi delegatsiya RF Milliy tibbiy palatasi prezidenti Leonid Roshal bilan uchrashdi.

Foto: Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasi

Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasi matbuot xizmatidan xabar berilishicha, muzokaralar davomida Leonid Roshal O‘zbekistonda Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi kabi tuzilmaning yaratilishi muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidladi. Tomonlar fuqarolarni majburiy tibbiy sug‘urtalash bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishdi. Mazkur tuzilma qonunchilikni takomillashtirish hamda tibbiyot sohasi bilan bog‘liq hodisalarni tadqiq qilish uchun to‘lqonli sharoit yaratish maqsadida RF Tergov qo‘mitasi bilan yaqindan hamkorlik qiladi.

Foto: Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasi

Ishchi tashrif doirasida shuningdek RF Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. U yerda Bosh boshqarma rahbariyati va RF Sog‘liqni saqlash vazirligining qator mutaxassislari ishtirokidagi muzokaralarda tibbiy ta'lim, tibbiyot xodimlarini qayta tayyorlash va akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha hamkorlik va o‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

Rossiyada uzluksiz tibbiy ta'lim yangi tizimi joriy qilinishiga oid batafsil ma'lumot berildi. Bu ish bilan RF Sog‘liqni saqlash vazirligi 2011 yildan buyon shug‘ullanishi hamda belgilangan rejalarning 2024 yilga borib tugallanishi qayd etildi. Shu bilan birga, tibbiyot xodimlarining akkreditatsiya modelini takomillashtirish muhimligi ta'kidlandi, RF Sog‘liqni saqlash vazirligi bu ishda Rossiya Milliy tibbiy palatasi ittifoqining tavsiya va xulosalarini hisobga oladi.

Uchrashuv doirasida Rossiya tomon O‘zbekiston Milliy palatasi mutaxassislarini yetakchi tibbiy ta'lim Markazlari va OTMlarga taklif qilishga tayyor ekanini bildirdi, bundan maqsad maslahatlashuvlar o‘tkazish va tajriba almashish ekanligi qayd etildi.

Foto: Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasi

Tashrif doirasida o‘zbekistonliklar, shuningdek, RF Prezidenti boshqaruvi ostidagi 1-sonli klinik shifoxonaga ham tashrif buyurishdi va u yerda kreonogipertonik terapiyada (ishemik insultda) qo‘llanuvchi innovatsion ishlanma-jihoz bilan tanishishdi. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, mazkur qurilmadan foydalanishda insult bilan kasallangan bemorlarning omon qolish imkoni 30 foizdan ortiqni tashkil qiladi. Bugunga kelib bu tibbiy uskuna Rossiyaning bir necha yirik tibbiy markazlarida qo‘llaniladi.

Muzokaralar davomida mazkur apparatni Toshkentdagi Respublika markazlaridan birida klinik sinovdan o‘tkazishga hamda “O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi 2019” ko‘rgazmasida namoyish qilish uchun 1-2 apparatni yetkazib berishga oid kelishuvga erishildi.

Foto: Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasi raisi Ravshan Izamov

Bundan tashqari, Izamov boshchiligidagi delegatsiya Rossiyadagi GE – Medicine (Amerika) kompaniyasining vakillari bilan uchrashdi. Hozirda ushbu kompaniya tomonidan O‘zbekiston uchun maxsus dastur ishlab chiqilgan bo‘lib, u ayollarda ko‘krak bezi saratoni skriningi va uni davolashga doir loyiha tayyorlangan va O‘zbekiston Respublikasi Onkologik ilmiy markaziga ko‘rib chiqish uchun topshirilgan. Loyiha, xususan, O‘zbekistonga 30 million dollargacha investitsion kredit taqdim etishni ko‘zda tutadi va bu mutaxassislarni to‘liq dastur asosida o‘qitishni o‘z ichiga oladi.

Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasining Rossiyaga tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar asosida RF sog‘liqni saqlash tuzilmalari bilan hamkorlikka oid “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilmoqda.

Ma'lumot uchun: Rossiya Milliy tibbiy palatasi 2011 yilda tashkil topgan va tuzilma rahbarining so‘zlariga ko‘ra, uning to‘liq tuzilishiga 8 yil ketgan. Milliy tibbiy palata tarkibidan Rossiyaning barcha hududlarida faoliyat yurituvchi olimlar va tibbiy ilm hamda tibbiy ta'lim vakillari o‘rin olgan. Ular RFda tibbiyot va sog‘liqni saqlash sohasida o‘tkazilayotgan islohotlar davomida yuzaga kelgan masalalarni muhokama qilishadi va vaziyatni yaxshilashga doir tegishli qaror qabul qilishadi.

Top