15:49 / 20.03.2019
8750

Interpolning g‘oyib bo‘lgan prezidenti xotinini o‘g‘irlab ketishga urinishdi

Foto: Du Yu / Globallookpress.com

2018 yilning kuzida Xitoyga uchib kelganidan keyin g‘oyib bo‘lgan, Interpol sobiq prezidenti Men Xunveyning xotini o‘zini o‘g‘irlab ketishga urinishgani haqida e'lon qildi. Bu haqda Lyon Mag nashri AFP agentligiga tayangan holda xabar bermoqda.

Lion prokuraturasi ma'lumotiga ko‘ra, Greys Men mahkamaga ariza bilan murojaat qilgan. Unda gap ma'lum bir shaxslar guruhi tomonidan o‘g‘irlab ketishga urinish haqida borgan. Qayd etilishicha, hodisa yuzasidan tergov hozircha boshlanmagan.

Avvalroq, ayol o‘z farzandlari bilan birga Fransiyadan siyosiy boshpana so‘ragandi. Shuningdek, u o‘ziga tahdid qilishayotgani to‘g‘risida xabar bergan. Ayni vaqtda ayol politsiya himoyasi ostida.

Men Xunvey o‘tgan yilning 29 sentyabrida Fransiyadan Xitoyga jo‘nab ketgach g‘oyib bo‘ldi. Keyinchalik, Xitoy hukumati Interpol sobiq prezidentini korrupsiyada gumonlab qo‘lga olgani ma'lum qilindi, u egallab turgan lavozimidan iste'foga chiqishga majbur bo‘ldi.

OAVda yozilishicha, Men Xunvey shartnomalarni qo‘lga kiritishda kiberjinoyatchilik bilan kurash sohasida ishlovchi kompaniyaga yordam bergan.

Koreya Respublikasi vakili Kim Chon Yan Interpolning yangi prezidenti etib saylandi.

Top