22:45 / 20.03.2019
6902
Yevrokomissiya Google’ga 1,5 mlrd yevrolik jarima soldi
Foto: RIA Novosti / Aleksey Vitvitskiy

Yevrokomissiya Google’ni Yevropa Ittifoqining antimonopol qoidalarini buzgani uchun 1,49 mlrd yevrolik jarimaga tortdi. 

Yevrokomissiya Google bozordagi yetakchiligini suiiste'mol qilgan degan xulosaga kelgan: boshqa saytlar bilan shartnomalarda raqobatchilariga bu saytlarda qidiruv e'lonlarini joylashtirishga imkon bermagan cheklovlarni o‘rnatgan.

“Nohalol xatti-harakat 10 yildan ko‘proq davom etgan va boshqa kompaniyalarni raqobatchilik qilish va innovatsiyalarni tatbiq qilish imkoniyatlaridan, iste'molchilarni esa raqobatchilik ustunliklaridan mahrum qilgan”, deb aytgan raqobatchilik masalalari bo‘yicha yevrokomissar Margaret Vestager.

Bu jarima Yevrokomissiya AQSh kompaniyasiga solayotgan uchinchi jarimadir. 2018 yil iyulida kompaniya 4,34 mlrd dollarlik, 2017 yilda esa 2,42 mlrd dollarlik jarimalarga tortilgan. 

Google o‘z qidiruv tizimi bilan birga Alphabet xolding kompaniyasi tarkibiga kiradi. Alphabet Inc.’ning 2018 yil yakunlariga ko‘ra sof daromadi 2,4 marta oshib, 30,736 mlrd dollargacha yetgan. Yillik tushumi esa 23,4 foizga oshib, 137 mlrd dollarni tashkil qilgan.  

Top