10:00 / 24.03.2019
29300

Buxoro viloyati davlat xizmatlari markazlaridagi tartibsiz navbatlar. Muammoga yechim bormi?

O‘zbekistonda aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini yaratish va uni isloh qilib borish bosqichma-bosqich amalga oshirilib kelinmoqda.

Xususan, 2003 yildan boshlab tadbirkorlik sub'yektlari tumanlar (shaharlar) hokimliklari huzuridagi inspeksiyalar tomonidan «yagona darcha» tamoyili bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazila boshlandi. 2016 yil 1 yanvardan boshlab ushbu inspeksiyalar negizida tadbirkorlik sub'yektlariga «yagona darcha» tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari tashkil etildi.

2017 yil 1 fevraldan Yagona markazlarning tumanlar (shaharlar) hokimliklari tuzilmasidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tasarrufiga o‘tkazilishi mazkur sohani rivojlantirish bo‘yicha keyingi qadam bo‘lib, vertikal boshqaruvni shakllantirish, ularning samarali faoliyatini tashkil etish imkonini berdi.

2018 yil 1 yanvardan ular Davlat xizmatlari markazlariga (DXM) aylantirildi.

Albatta, ushbu markazlar aholiga bir qator qulayliklar yaratdi. Birinchi navbatda jismoniy va yuridik shaxslarning idoralararo sarson bo‘lishi va ortiqcha vaqt sarflashlariga chek qo‘yildi. Endilikda fuqarolar emas, balki hujjatlar harakatlanishi asosiy mezon sifatida belgilandi.

Bugungi kunda davlat xizmatlari markazlari orqali turli ma'lumotnomalar va boshqa zarur hujjatlarni olish mumkin. Ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari soni bosqichma-bosqich amalga oshirilib borilmoqda. Ammo davlat xizmatlari markazlari bu jarayonga qay darajada tayyor?

Ushbu savolga javob topish maqsadida Kun.uz sayti muxbirlari viloyatlarda bo‘lib, davlat xizmatlari markazlari faoliyatini o‘rganib, ularda xizmat ko‘rsatish sifati, yaratilgan sharoitlar haqida maqolalar berib borilmoqda.

Bu boradagi navbatdagi o‘rganish Buxoro viloyatining shahar va tumanlaridagi davlat xizmatlari markazlarida olib borildi. Tan olib aytish kerakki, o‘rganishlar davomida ham ijobiy, ham salbiy holatlarga guvoh bo‘ldik.

BUXORO ShAHRI DXM

Buxoro shahridagi davlat xizmatlari markazi joylashgan yangi, zamonaviy binoda murojaatchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ushbu binoda davlat xizmatlari markazi ko‘rsatadigan xizmatlardan tashqari yana 30dan ortiq xizmatlarni ko‘rsatadigan tegishli idora va tashkilotlar punktlari tashkil etilgan. Murojaatchilar markazdan tashqari turli idora va tashkilotlar bilan bog‘liq ishlarini shu binoda hal etishi mumkin. Ikki qavatli zamonaviy binoda kutish zali, tibbiyot xonasi, bolalar xonasi, elektron kutubxona va boshqa barcha zarur qulayliklar mavjud.

Markazda maxsus infokiosk o‘rnatilgan bo‘lib, undan ERI (elektron raqamli imzo) kaliti orqali bemalol foydalanish, kerakli ma'lumotnomani esa shu infokioskning o‘zida chop qilib olish imkoniyati mavjud.

Buxoro shahar davlat xizmatlari markazida 15 xodim murojaatchilarga xizmat ko‘rsatmoqda. Barcha jarayon tartib bilan tashkil etilgani sababli uzundan-uzun navbatlar yo‘q.

Sayyor xizmatlar ko‘rsatish maqsadida Isuzu rusumli avtobus maxsus jihozlangan.  Tuman davlat xizmatlari markazlariga buning uchun Damas rusumli avtomobillari ajratilgan.

Markazga kelgan fuqarolar bilan suhbatlashganimizda ular bu yerda yaratilgan sharoitlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlardan mamnunligini yashirib o‘tirmadi.

KOGON TUMANI DXM

Kogon tumani davlat xizmatlari markaziga borganimizda  navbat ko‘pligidan ichkariga zo‘rg‘a kirdik.

Markaz xodimlari qo‘li qo‘liga tegmay murojaatchilarga xizmat ko‘rsatmoqda. Kutish zali mavjud emas. Bitta umumiy xonada xizmat ko‘rsatilayotgani ko‘plab noqulayliklarni keltirib chiqargan. Tartibsiz navbatlar yuzaga kelgan. Maxsus kassaning ham shu xonada joylashgani tirbandlikni yanada oshiradi.

Markazga borgan vaqtimizda infokiosk ishlamayotgan edi. Soz yoki nosozligini so‘raganimizda markaz direktori Farhod Sharifov infokiosk soz holatdaligini bildirdi.

Markaz direktorining ta'kidlashicha, Kogon tumani hokimi qarori bilan tuman davlat xizmatlari markazi ma'muriy binosi qurish uchun 15 sotix yer ajratilgan. Ushbu ma'muriy bino qurilgandan keyin barcha muammolar bartaraf etiladi. Yangi binoda barcha sharoit va qulayliklar yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Markazda ish olib borayotgan 8 nafar xodim bir kunda 200-300 kishiga xizmat ko‘rsatadi.

2019 yil yanvar-fevral oylarida markaz tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga jami 4983ta davlat xizmatlari ko‘rsatilgan.

Murojaatchilar bilan suhbatlashganimizda ayrimlari markazdagi xizmatlardan mamnunligini bildirsa, ayrimlari navbat ko‘pligi va tirbandliklar tufayli ko‘p kutishga majbur bo‘layotganliklarini yashirib o‘tirmadi.

BUXORO TUMANI DXM

Buxoro tumani davlat xizmatlari markazi faoliyati bilan tanishar ekanmiz, bu yerda ham asosiy muammo murojaatchilar ko‘pligidan tartibsiz navbat va tirbandliklar yuzaga kelganligidir.

Kichik bo‘lsa-da, kutish zali mavjud. Ammo murojaatchilar uchun boshqa qulayliklar yaratilmagan. Bitta umumiy xonada xizmat ko‘rsatiladi.

Markazda 9 nafar xodim bir kunda 300dan kishiga xizmat ko‘rsatadi. Infokiosk soz holatda ishlab turibdi.

Markaz direktori Yolqin Murodov biz bilan suhbatda yangi bino uchun yer ajratilgani, ayni vaqtda markaz joylashgan binoda barcha qulayliklarni yaratish imkoniyati yo‘qligini bildirdi. Yangi barpo etilayotgan binoda esa barcha zarur sharoit va qulayliklar yaratiladi.

Joriy yilda 1 mart kuniga qadar markaz tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga 9739ta davlat xizmatlari ko‘rsatilgan.

Murojaatchilar bilan suhbatlashganimizda ular markaz faoliyatidan hech qanday e'tirozlari yo‘qligini bildirishdi.

ROMITAN TUMANI DXM

Romitan tumani davlat xizmatlari markazida ham yana o‘sha muammo – tartibsiz navbatlarga duch keldik. Har holda maxsus kassaning xizmat ko‘rsatiladigan umumiy xonadan alohida joylashgani biroz bo‘lsa-da, tirbandlikning oldini oladi. Ushbu markazda ham murojaatchilar uchun yetarli darajada sharoit va qulayliklar yaratilmagan. Kutish zali mavjud emas.

Umumiy xizmat ko‘rsatiladigan xonada joylagan infokiosk ishlamayapti. Buning sababini markaz direktori Azamat Namozovdan so‘raganimizda, u bu holatni texnik sabablar bilan izohladi. Aynan qanday texnik sababligini bilishning imkoni bo‘lmadi. Lekin infokiosk soz holatda emasligi aniq edi.

Ushbu markazda 8 nafar xodim faoliyat ko‘rsatmoqda. Bir kunda 300-400 kishiga xizmat ko‘rsatiladi. Joriy yilning yanvar-fevral oylarida markazga jismoniy va yuridik shaxslardan 12339ta murojaat kelib tushgan.

Ayni vaqtda markaz yangi binosining qurilish ishlari boshlangan ekan.

Biz bilan qurilish ishlarini ham ko‘zdan kechirgan markaz direktori A.Namozovning ta'kidlashicha, ushbu zamonaviy bino foydalanishga topshirilganda bugungi kundagi mavjud muammolar o‘z yechimini topadi.

ShOFIRKON TUMANI DXM

Shofirkon tumani davlat xizmatlari markaziga tushdan keyin bordik. Shu sabablimi, markazda tartibsiz navbat va tirbandlik yo‘q. Murojaatchilar ham sanoqli.

Markaz direktori Haydar Odilov biz bilan suhbatda ertalabdan tushlik vaqtiga qadar murojaatchilar ko‘p bo‘lishi, bu vaqtga kelib ularning soni kamayishini ta'kidlab o‘tdi.

Bizga hamrohlik qilgan Shofirkon tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Ravshan Karimov markaz uchun barcha sharoit va qulayliklar yaratilishi ko‘zda tutilgan zamonaviy yangi bino qurilayotganini bildirdi.

Ushbu markazda 8 nafar xodim bir kunda 300-400 nafar murojaatchiga xizmat ko‘rsatar ekan. Joriy yilning yanvar-fevral oylarida markazga jismoniy va yuridik shaxslardan 9432ta murojaat kelib tushgan.

BOShQARMA BOShLIG‘I IZOHI

O‘rganishlarimiz yakunida Davlat xizmatlari agentligi Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i Qayum Xolov bilan davlat xizmatlari markazlari faoliyati va mavjud muammolar yuzasidan suhbatlashdik.

«Ayni vaqtda ayrim tumanlardagi davlat xizmatlari markazlarida uzundan-uzun navbatlar yuzaga kelayotgani rost. Murojaatchilar uchun qulaylik va sharoitlar yetarlicha emas. Bu muammolar ayrim markazlar uchun zarur sharoitga ega binolar yo‘qligi sabablidir. Ammo barcha tumanlarda markazlar uchun yangi, zamonaviy, barcha qulayliklarga ega yangi binolar qurilmoqda. Qorako‘l va Peshku tumanlarida yangi binolar tayyor. Buxoro shahar davlat xizmatlari markazida murojaatchilar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘rdingiz. Barchasi ideal holatda. Kutish zali, bolalar va tibbiyot xonasi, elektron kutubxona va hokazo. Tumanlardagi yangi binolarda ham shunday sharoitlar yaratiladi. O‘z-o‘zidan barcha muammolarga yechim topiladi.

Yana bir jihat borki, markazlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari soni ortib bormoqda. Ayni vaqtda 100ga yaqin davlat xizmatlari ko‘rsatiladi. Davlat xizmatlari va murojaatchilar soni ko‘paygani bilan xizmat ko‘rsatadigan xodimlar soni oshgani yo‘q.

Misol uchun, 2018 yilda viloyat bo‘yicha markazlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga 300 mingdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2019 yilning 1 oyining o‘zida markazlarga 100 mingga yaqin murojaat tushgan. Bu o‘z-o‘zidan uzun navbatlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Navbatlarda tartibsizliklarning oldini olish maqsadida ayni vaqtda qog‘ozli raqamlarni barcha markazlarda joriy etish arafasidamiz.

Infokiosklardan foydalanishni barcha murojaatchilar ham bilavermaydi. Buning ham choralarini ko‘rmoqdamiz. Biz bu jarayonga ko‘ngillilarni ham jalb qilmoqchimiz», – deydi Qayum Xolov.

Xulosa qilib aytganda, viloyatdagi davlat xizmatlari markazlarida muammolar yo‘q emas, ammo bu masalalarga yechim ham bor. Asosiy muammo bo‘lgan tartibsiz, uzundan-uzun navbatlar viloyatdagi barcha markazlar yangi, zamonaviy binolarga ega bo‘lganda bir muncha barham topadi. Ammo markazlarda xizmat ko‘rsatayotgan xodimlar soni kamligi jiddiy e'tibor talab qiladigan va hal qilinishi lozim bo‘lgan asosiy muammolardan biridir.

Bir kunda 300-400 nafar murojaatchiga o‘rtacha 8 nafar xodim xizmat ko‘rsatishini tasavvur qilish qiyin emas. Qolaversa, ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari soni bosqichma-bosqich oshirib borilmoqda. Bu esa murojaatchilar soni yanada ko‘payishiga olib keladi.

Markazlarda davlat xizmatlarining yanada sifatli, qisqa vaqtda va shaffof ko‘rsatilishi ta'minlanish uchun bu muammo ham kelgusida albatta o‘z yechimini topishi zarur.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top