11:09 / 25.03.2019
52152

Navoiydagi 47-sonli jazoni ijro etish muassasasida mahkum urib o‘ldirilganmidi? Ekspertiza ishlari davom etmoqda

Foto: IZVeSTIYa

2016 yilning 13 aprelida Bobomurod (ism shartli ravishda o‘zgartirilgan) jinoyat kodeksining bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish moddasi bilan aybli deb topilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining hukmi bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Biroq oradan hech qancha vaqt o‘tmay 2016 yilning 30 iyunida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Navoiy viloyat filialida vafot etgan.

Avvaliga sud zalidan qamoqqa olinib, Toshkent shahridagi 1-sonli tergov hibsxonasiga joylashtirilgan. Keyinroq Navoiy viloyatidagi 47-sonli jazoni ijro etish muassasasiga (JIEM) o‘tkazilgan. Tibbiy hujjatlariga ko‘ra, Bobomurod Toshkent shahridagi 1-sonli tergov hibsxonasida saqlanayotgan vaqtida sog‘lig‘idan shikoyat qilmagan, tibbiy ko‘riklarda ham sog‘lom deb topilgan. Navoiy viloyatidagi 47-sonli jazoni ijro etish muassasasiga olib kelinganda ham tibbiy tekshiruvlardan so‘ng, sog‘lom deb qabul qilingan.

To‘satdan, 2016 yilning 10 iyun sanasida muassasaning tibbiyot bo‘limiga murojaat qilgan. Lekin tibbiyot bo‘limida negadir uning kasallik bayonnomalari va tegishli hujjatlar yuritilmagan. 18 iyun kuni ahvoli og‘irlashgach, kasallik bayonnomalari yuritilib, statsionar davolashga rasmiylashtirilgan. Bo‘lim shifokorlari va boshqa navbatchi shifokorlar 19 va 20 iyun sanalarida uning ahvolidan xabar olishmagan va davolash choralarini ko‘rmaganlar.

21 iyunda muassasaning tibbiyot bo‘limi boshlig‘i Bobomurodni bo‘limda yana bir kun ushlab turgan. 22 iyunda ahvoli battar og‘irlashgach, soat taxminan 15:40larda Qiziltepa tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga olib borilgan.

24 iyun kuni u yerdagi shifokorlar sanaviatsiya mashinasida Bobomurodni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Navoiy viloyat filialiga olib borib, hushsiz holatda joylashtirishadi. 30 iyunda Bobomurod hushiga kelmasdan, taxminan soat 01:00larda jonlantirish bo‘limida vafot etadi.

Tibbiyot hujjatlari va ekspertiza xulosalari Bobomurodning tanasidagi jarohatlar oyog‘ining tovon, boldir qismiga, qorin sohalariga, bo‘yin umurtqa va qovurg‘alarining ko‘plab sinishi uni urib do‘pposlangani natijasida olingani ochiq ko‘rinib tursa-da shifokorlar ularni yashirishga urinishgan.

Jabrlanuvchi Bobomurodning o‘limi yuzasidan Navoiy prokuraturasi tomonidan tergov jarayoni olib borilgan.

Bu vaqt davomida ekspertlar tomonidan bir necha marta ekspertiza qilinadi. Qizig‘i jazoni ijro etish muassasasiga sog‘lom kelgan marhumning o‘limiga «Sepsis» (qon infeksiyasi) kasalligi sabab bo‘lgan, deb xulosa berishadi.

Bosh prokuratura tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha Qiziltepa tuman sudi hukmiga berilgan protest Oliy sud tomonidan qanoatlantirilgan va sud hukmi bekor qilingan. Boshqatdan ko‘rib chiqish uchun Navoiy shahar sudiga yuborilgan. Shahar sudi tomonidan qayta komissiyaviy ekspertiza tayinlanib, uni o‘tkazish Respublika sud tibbiy ekspertizasi Bosh byurosiga topshirilgan. 2018 yil 29 mart kuni ekspertlar 31-sonli xulosa tayyorlashgan. Ular ham yuqoridagi holatni tasdiqlashgan. Mahkumning o‘limiga «Sepsis» (qon infeksiyasi) kasalligi sabab bo‘lgan, deb xulosa berishgan.

Jinoyat ishi Toshkent shahrida ko‘rilishi boshlangandan keyin, ekspertlar tomonidan 2018 yilning 5 sentyabrida xulosa taqdim etilgan. Sud jarayoni vaqtida 94-sonli xulosani bergan ekspertlar so‘roq qilinganda mutlaqo boshqa holat vujudga kelgan. Qarama-qarshiliklar va so‘roq vaqtidagi ko‘rsatmalar bir-biriga zid bo‘lib ketgan. «Sepsis» (qon infeksiyasi) kasalligi mavjud bo‘lmaganligi ayon bo‘lgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining 2018 yil 5 dekabrdagi ajrimi bilan qayta komission ekspertiza tayinlangan. O‘tkazish Respublika sud tibbiy ekspertizasi ilmiy–amaliy markazi ekspertlariga topshiriladi. Ular marhum Bobomurodni eksgumatsiya qilish lozimligi haqida sudga iltimosnoma taqdim qilishgan va u qanoatlantirilgan.

2019 yilning 22 yanvar kunidagi 126-sonli sud tibbiy ekspertizasi xulosalariga ko‘ra, Bobomurodning o‘limi tiriklik chog‘ida olgan bir nechta og‘ir tan jarohatlari natijasida ularning asoratlanishi bilan davom etgan o‘tkir poliorgan yetishmovchiliklar oqibatida kelib chiqqanligi ma'lum qilingan.

So‘nggi ekspertiza vaqtida dastlabki ekspertlar tomonidan ko‘rsatilmagan bo‘yin umurtqa pog‘onasining singanligi aniqlangan. Dastlabki xulosada ko‘rsatilgan yurakni massaj qilish vaqtida qovurg‘alarni singanligi inkor etilgan.

Mazkur xulosa sudga taqdim qilingani va sudda ishtirok etgan prokurorning ishni qo‘shimcha protsessual harakatlarni o‘tkazish bo‘yicha bergan iltimosnomasiga ko‘ra ishni ko‘rish vaqtincha to‘xtatilgan. Toshkent shahar prokuraturasi orqali ish Bosh prokuraturaga yuborilgan.

Bosh prokuratura tomonidan tergov guruhi tuzilib, tergov jarayonlari vaqtida tergovchi tomonidan yana sud tibbiy qayta ekspertiza o‘tkazilishi tayinlangan va uni o‘tkazish Toshkent viloyati sud tibbiy ekspertizasi byurosiga yuborilgan.

Hozirda ekspertiza harakatlari olib borilmoqda va Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

Mavzuga oid
Top