18:19 / 25.03.2019
16818

OAV: «Real» Mbappeni tarixdagi eng qimmatbaho futbolchiga aylantirmoqchi

«Real» yaqin vaqtlar ichida «PSJ» hujumchisi Kilian Mbappe transferini mavsum yakunida amalga oshirish bo‘yicha amaliy harakatlarga o‘tadi, deb xabar bermoqda France Football.

Avvalroq fransiyalik yulduz «Qirollik klubi»ning yozgi transfer kampaniyasidagi eng asosiy maqsadi ekani xabar qilingandi. Uni xarid qilish borasida klub prezidenti Florentino Peres va bosh murabbiy Zinedin Zidanning fikri bir joydan chiqqan.

Manba ma'lumotiga ko‘ra, Peres Parij klubiga rad qilib bo‘lmas taklif yuborishga tayyorgarlik ko‘rmoqda: yaqin haftalar ichida «Real» «PSJ»ga Mbappe uchun 280 mln yevro to‘lashga tayyor ekanini ma'lum qiladi.

Transfer shu summada amalga oshgan taqdirda 20 yoshli Kilian futbol tarixidagi eng qimmatbaho futbolchiga aylanadi. U bu borada jamoadoshi Neymarning 2017 yili «Barselona»dan «PSJ»ga o‘tgan vaqtda o‘rnatilgan 222 mln yevrolik rekordini yangilashi mumkin.

Bundan avvalroq Fransiyaning boshqa bir obro‘li nashri – L'Equipe Mbappening «Real»ga o‘tishi shartini ma'lum qilgandi. Unga ko‘ra, 7-raqam egasi Madriddan yillik 15 mln yevro maoshni ko‘zda tutuvchi taklif olsagina, bu klub safiga qo‘shilishi mumkin. Ayni paytda «qaymoqranglilar»ning eng ko‘p haq oluvchi futbolchisi Garet Beylga yiliga 14 mln yevro ish haqi to‘lanadi.

Top