16:31 / 26.03.2019
12878

Vazirlar Mahkamasining reglamenti tasdiqlandi

Foto: KUN.UZ

Hukumatning “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorda aytilishicha, O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosarlari vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining hujjatlari, parlament va deputat so‘rovlari, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti hujjatlari va topshiriqlari bajarilishi monitoringini olib boradi, shuningdek, joylarda ishlarning real holatini muntazam o‘rganadi, iqtisodiyotdagi va ijtimoiy sohadagi muammolarni har tomonlama tahlil qiladi hamda shu asosda strategik va ustuvor vazifalarni amalga oshirish yuzasidan kompleks takliflar ishlab chiqadi. Bunda yuklangan vazifalarni hal etishda ularning vazirliklar, davlat qo‘mitalari, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatiga aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi;

O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining maslahatchilari ular vakolatiga kiritilgan tegishli yo‘nalishlar va masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziriga takliflarning puxta ishlab chiqilishini, ekspertizadan o‘tkazilishini va tayyorlanishini ta'minlaydi, shuningdek, ushbu masalalar uchun shaxsan javobgar hisoblanadi;

vazirlar, davlat qo‘mitalari raislari va boshqa davlat boshqaruvi organlari rahbarlari Vazirlar Mahkamasiga kiritilayotgan takliflar, tahliliy va boshqa hujjatlarning, shu jumladan, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatli va har tomonlama ishlab chiqilishi, shuningdek, ularni amalga oshirishning pirovard natijalari va oqibatlari uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosarlari va maslahatchilari, Vazirlar Mahkamasi apparati tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari, vazirlar, davlat qo‘mitalari raislari, idoralar va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamenti talablari so‘zsiz bajarilishini ta'minlaydilar.

Reglamentga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshiradi hamda iqtisodiyot, ijtimoiy va ma'naviy sohaning samarali faoliyat ko‘rsatishga rahbarlik qilishni, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlis qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining hujjatlari va o‘z qarorlari ijrosini ta'minlaydi.

Vazirlar Mahkamasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oldida javobgardir.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Vazirlar Mahkamasi majlislarida raislik qilishga, Vazirlar Mahkamasi vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilishga, shuningdek, zarur hollarda Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarini, Vazirlar Mahkamasi rahbariyati ko‘rsatmalarini bekor qilishga haqli.

Vazirlar Mahkamasi vakolatlarining amalga oshirilishi O‘zbekiston Respublikasining bosh vaziri, uning o‘rinbosarlari va maslahatchilari, vazirlar, davlat qo‘mitalari raislari, davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, Vazirlar Mahkamasining Rayosati, Vazirlar Mahkamasining komissiyalari, kengashlari va boshqa idoralararo kollegial organlari faoliyati, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi apparati ishi bilan ta'minlanadi.

Vazirlar Mahkamasida uning vakolatlariga tegishli masalalar Vazirlar Mahkamasi, uning Rayosati majlislarida, bosh vazir, uning o‘rinbosarlari va maslahatchilari (vazifalar taqsimotiga muvofiq) tomonidan, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etiladigan komissiyalar, kengashlar va boshqa idoralararo kollegial organlar majlislarida manfaatdor davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvni hokimiyat organlari, boshqa davlat organlari va tashkilotlar vakillari ishtirokida ko‘rib chiqiladi.

Vazirlar Mahkamasi qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining butun hududida barcha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi.

Bosh vazir Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tashkil etadi va unga rahbarlik qiladi, uning samarali ishlashi uchun shaxsan javob beradi, Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida raislik qiladi, uning qarorlarini imzolaydi, xalqaro munosabatlarda Vazirlar Mahkamasi nomidan ish ko‘radi, Vazirlar Mahkamasining majlisida ko‘rib chiqishni talab qilmaydigan davlat va xo‘jalik boshqaruvi masalalari bo‘yicha qarorlar qabul qiladi, O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vazifalarni bajaradi.

Bosh vazir hukumat oldiga qo‘yilgan maqsadli vazifalarga erishilishini ta'minlash maqsadida vazirliklar, davlat qo‘mitalari va davlat boshqaruvi boshqa organlari faoliyatini umumiy muvofiqlashtiradi, yuzaga kelgan kelishmovchiliklar bo‘yicha kelishilgan qarorlar qabul qiladi.

Bosh vazir Vazirlar Mahkamasining ishi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi prezidentiga muntazam ravishda axborot berib boradi.

Bosh vazir o‘z vakolatlariga kiruvchi masalalar yuzasidan farmoyishlar chiqaradi.

Vazirlar Mahkamasi apparati hukumat faoliyatini huquqiy, tashkiliy-texnik, axborot-tahliliy va bayonnoma jihatdan ta'minlaydi, Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarini tashkil etadi, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari loyihalarini tayyorlaydi, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalarini amalga oshirishga yo‘naltirilgan “yo‘l xaritalari”, jadvallar, harakatlar dasturlarini ishlab chiqadi.

Vazirlar Mahkamasi apparati va uning tarkibiy bo‘linmalari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, vazifalari, funksiyalari, huquq va javobgarligi, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibi Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan tasdiqlanadigan nizomlar bilan belgilanadi.

Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy bo‘linmalari, Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi Vakolatli vakili va uning kotibiyati faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati to‘g‘risidagi nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Mavzuga oid
Top