16:44 / 29.03.2019
6458

Ijtimoiy ehtiyojmand oilalarning iqtidorli farzandlarini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi 

Foto: Shutterstock

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan ijtimoiy ehtiyojmand oilalarning iqtidorli farzandlarini uzluksiz ta'lim olishini moddiy va ma'naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Hujjatda qayd etilishicha, ijtimoiy ehtiyojmand oilalarning iqtidorli farzandlarini uzluksiz ta'lim olishini moddiy va ma'naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mablag‘lari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Ijtimoiy ehtiyojmand oilalarning iqtidorli farzandlarini uzluksiz ta'lim olishini moddiy va ma'naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, iqtidorli o‘quvchilarni izlab topish hamda munosib rag‘batlantirish, ijtimoiy ehtiyojmand oilalarda tarbiyalanayotgan o‘quvchilarning uzluksiz ta'lim olishiga ko‘maklashish, ushbu toifadagi yoshlarning to‘g‘ri kasb tanlashi va kelajakda hayotini to‘g‘ri qurishiga yordamlashish ijtimoiy ehtiyojmand oilalarning iqtidorli farzandlarini uzluksiz ta'lim olishini moddiy va ma'naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirishning maqsadi hisoblanadi.

Ijtimoiy ehtiyojmand oilalarning iqtidorli farzandlarini uzluksiz ta'lim olishini moddiy va ma'naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash yoshlar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) hududiy idoralararo kengashlari tomonidan O‘zbekiston yoshlar ittifoqining ta'lim muassasalaridagi boshlang‘ich tashkiloti va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari yozma tavsiyasi asosida amalga oshiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) hududiy idoralararo kengashlari ijtimoiy ehtiyojmand oilalarning iqtidorli farzandlarining uzluksiz ta'lim olishini rag‘batlantirishda quyidagi asosiy tamoyillarga amal qiladi:

ijtimoiy adolatga so‘zsiz rioya qilish;

oshkoralik va ochiqlikni ta'minlash;

ijtimoiy ehtiyojmand oilalarning iqtidorli farzandlarini rag‘batlantirishni manzilli tarzda amalga oshirish yo‘li bilan shu maqsadlarga ajratilgan mablag‘lar, shuningdek boshqa vositalardan maqsadli va samarali foydalanish;

oila a'zolarining moddiy farovonligi, bolalarni tarbiyalash, ularni har tomonlama jismoniy, aqliy va ma'naviy-axloqiy kamol topishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ma'lumoti va kasb darajasini oshirish borasida oilaning mas'uliyatini kuchaytirish.

Ijtimoiy ehtiyojmand oilalarning iqtidorli farzandlarini uzluksiz ta'lim olishini moddiy va ma'naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston yoshlar ittifoqining ta'lim muassasasidagi boshlang‘ich tashkiloti va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan har yili 1 iyunga qadar yoshlar masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hududiy idoralararo kengashlariga yozma tavsiya bilan birga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

ijtimoiy ehtiyojmand oilalarning iqtidorli farzandlari tomonidan qo‘lga kiritilgan yutuqlarni tasdiqlovchi hujjatlar (olimpiadalar, ko‘rik-tanlovlar hamda sport musobaqalarida g‘olib va sovrindorligini tasdiqlovchi diplomlar va boshqa shu kabi hujjatlar nusxasi (mavjud bo‘lganda);

o‘quvchi va uning oila a'zolarining pasporti va/yoki tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi nusxalari;

o‘quvchining oila a'zolari birinchi va/yoki ikkinchi guruh nogironligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi (mavjud bo‘lganda);

o‘quvchining oilasi boquvchisini yo‘qotganligi to‘g‘risida hujjat nusxasi (mavjud bo‘lganda).

Yoshlar masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hududiy idoralararo kengashi tomonidan rag‘batlantiriladigan ijtimoiy ehtiyojmand oilalarning iqtidorli farzandlarini aniqlashda quyidagi ijtimoiy mezonlarga e'tibor qaratiladi:

a) o‘quvchining ko‘p bolali oiladan ekanligi (oilada uch va undan ortiq bola mavjudligi);

b) o‘quvchining oilasida birinchi va/yoki ikkinchi guruh nogironligini bo‘lgan shaxslarning mavjudligi;

v) o‘quvchining yolg‘iz ona (ota) tomonidan ikki yoki undan ortiq voyaga yetmagan farzandlar tarbiyalayotgan oiladan ekanligi;

g) o‘quvchining fan, san'at, ta'lim va boshqa yo‘nalishlarda yutuqlari, turli olimpiadalar, ko‘rik-tanlovlar hamda sport musobaqalarida g‘olib va sovrindorligi, a'lo baholarga o‘qishi.

Yoshlar masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hududiy idoralararo kengashlari tomonidan hujjatlar har yili 10 iyunga qadar ko‘rib chiqiladi hamda 15 iyunga qadar yoshlar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar idoralararo kengashlariga taqdim etiladi.

Yoshlar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar idoralararo kengashlari  tomonidan har yili 30 iyunga qadar yoshlar masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hududiy idoralararo kengashi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar ko‘rib chiqiladi hamda ijtimoiy ehtiyojmand oilalarning iqtidorli farzandlarini moddiy va ma'naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tegishli qarorni qabul qiladi.

Har o‘quv yili boshidan boshlab ijtimoiy ehtiyojmand oilalarning iqtidorli farzandlarini moddiy va ma'naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash ularni yoshlar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) hududiy idoralararo kengashlari tomonidan:

zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta'minlash;

asosiy turdagi o‘quv qurollari bilan ta'minlash;

badiiy kitoblar bilan ta'minlash;

bolalar gazeta va jurnallariga obuna qilish;

respublika oromgohlarida dam olishini tashkil etish;

respublika bo‘ylab sayohatga borish va kelish xarajatlarini qoplash yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Top