17:10 / 29.03.2019
21723

Yuridik shaxslar tomonidan kassa operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga o‘zgartirish kiritildi

Foto: Pinterest

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining qarori bilan Yuridik shaxslar tomonidan kassa operatsiyalarini amalga oshirish qoidalarining 13-bandiga o‘zgartirish kiritildi.

Hujjat O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 5 fevraldagi PQ-4160-son “Jahon banki va xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2015 yil 16 maydagi 12/17-son qarori bilan tasdiqlangan Yuridik shaxslar tomonidan kassa operatsiyalarini amalga oshirish qoidalarining 13-bandi (Tashkilotlar kassasiga naqd pullar buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqarish vazifalarini amalga oshiruvchi shaxsning imzosi qo‘yilgan kassa kirim orderi bo‘yicha qabul qilinadi) ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“Naqd pul qabul qilinganda buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqarish vazifalarini amalga oshiruvchi shaxs hamda kassir tomonidan imzolangan, kassir shtampi (shtamp mavjud bo‘lgan taqdirda) bilan tasdiqlangan kassa kirim orderi yoki kassa apparatining izi tushirilgan chipta (slip) pul topshirgan shaxsga beriladi.”.

Top