09:15 / 30.03.2019
37088

Ko‘plab e'tirozlarga sabab bo‘lgan hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasidan olib tashlandi

Foto: Getty Images

O‘zbekiston Respublikasidan eksport qilinadigan meva-sabzavot va to‘qimachilik mahsulotlarining kontrakt qiymatini monitoring qilish tartibi to‘g‘risidagi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilingandi

Unda eksport narxlari shakllantirilishi ustidan nazorat o‘rnatish, jumladan, meva-sabzavotlarning 38ta pozitsiyasi va to‘qimachilik mahsulotlarining 147ta pozitsiyasi bo‘yicha “tavsiya etiladigan” eksport narxlarni belgilash taklif qilingan. Ushbu narxlar Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi saytida meva-sabzavot mahsulotlari bo‘yicha har o‘n kunlikda, to‘qimachilik mahsulotlari bo‘yicha har oyda e'lon qilinib borilishi ham nazarda tutilayotgan edi.

Mazkur hujjat loyihasi jamoatchilik, ayniqsa, dehqonlar, fermerlar, bog‘bonlar, tadbirkorlar va ekspertlar o‘rtasida turli e'tirozlarga, haqli savollarga sabab bo‘ldi.

“Xalq so‘zi” nashrining yozishicha, 28 mart kuni investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqovning ishbilarmonlar va ekspertlar bilan muloqotida ham ushbu qaror loyihasi tanqidiy tahlil etilgan. 

Jumladan, hujjatda eksportchilar uchun biznes yuritish sharoiti, yakunda mamlakat ichkarisida ham narxlar shakllanishiga sezilarli ta'sir o‘tkazadigan jihatlar mavjudligi aytib o‘tilgan.

Yakunda tadbirkorlar va ekspertlar tomonidan salbiy munosabat bildirilgan ushbu hujjat loyihasini jamoatchilik nazoratidan olib tashlash bo‘yicha qaror qabul qilindi, deyiladi xabarda.

Top