17:24 / 31.03.2019
78931

«Gaz zapravka»larga gaz arzonroq yetkazib berilishi boshlandi

O‘zbekiston bo‘yicha avtomobillarga metan gaz quyish shoxobchalari — gaz to‘ldirish kompressor stansiyalarida narx tushishi kutilmoqda. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan limitdan tashqari gaz va energiya iste'moli uchun tarif narxlari qayta ko‘rib chiqildi. Endilikda AGTSda belgilangan me'yordan tashqari energiya sarfi uchun 1,15 (avval 1,5 bo‘lgan) koeffitsiyentda tarif narxi belgilandi.

Shuningdek, limitdan tashqari gaz sarfi uchun 1,4 koeffitsiyentda (avval 2 bo‘lgan) to‘lov amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.

2018 yil 16 noyabrga qadar AGTKS uchun yetkazib berilayotgan gazning kubometri 789,74 so‘m (289,74 + 500) bo‘lgandi. Limitdan ortiq sarf etilgan gaz uchun 1079,48 so‘m (289,74x2 + 500) miqdorida to‘lov undirilgan. Tabiiy gaz iste'moli uchun narx oshirilishi munosabati bilan AGTKS uchun 1 kubometr gaz 800 so‘m, limitdan tashqari esa 1600 so‘mga yetkazilishi ma'lum bo‘ldi.

Yuzaga kelgan noqulaylik ma'lum vaqt xizmat narxining oshib ketishi, norozilikka sabab bo‘ldi. Ayni paytda limitdan tashqari gazning 1 kubometri uchun 1120 so‘m (800x1,4) narx belgilanmoqda.

Shuning bilan 2018 yil 16 noyabrga qadar «gaz zapravka»larda kuzatilgan narx siyosati yana amalda qayta tiklanishi kutilmoqda.

Top