08:00 / 31.03.2019
6271

Salaning uchuvchisi daltonizm tufayli kechasi uchish huquqiga ega bo‘lmagan

«Kardiff Siti» hujumchisi Emiliano Salani hayotdan olib ketgan aviahalokat yuzasidan tergov ishlari davom etmoqda.

BBC`ning xabar berishicha, layner uchuvchisi Devid Ibbotson daltonizmga chalingan bo‘lgan, ya'ni u ranglarni to‘liq ajrata olmagan. Ko‘rish sezgisida bunday defekti bo‘lgan pilotlarga sutkaning qorong‘i vaqtida parvozlarni amalga oshirish esa taqiqlangan.

Hozircha ushbu ma'lumot tasdiqlanmadi. Buyuk Britaniya Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi tergov o‘z ishini yakunlamagunga qadar bu haqda izoh berilmasligini ma'lum qilgan.

Avvalgi xabarlarda Ibbotson ushbu tijoriy parvozlarni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lmagani, boisi unda faqat Buyuk Britaniya va AQSh hududidagina xususiy samolyotlarni boshqarishga ruxsat beruvchi litsenziya bo‘lgani aytilgandi. 

Tergov xulosasi 2020 yil boshida e'lon qilinishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, halokat 21 yanvarda bo‘lgan, o‘sha kuni bortida faqat Sala va uchuvchi bo‘lgan «Piper PA-46 Malibu» rusumli samolyot Fransiyaning Nant shahridan Uels poytaxti Kardiffga qarab yo‘lga chiqqach, manzilga yetishiga bir soat qolganida radarlardan yo‘qolib qolgandi. Samolyot so‘nggi marta 700 m balandlikda, Olderni orolidan 13 km uzoqlikda ekanida aloqada bo‘lgandi.

Havo kemasi qoldiqlari 3 fevral kuni La-Mansh bo‘g‘ozidan topildi. 67 metr chuqurlikdagi samolyot bortida aniqlangan jasad barmoq izlari orqali Salaga tegishli ekani tasdiqlandi. 60 yoshda bo‘lgan uchuvchi Devid Ibbotsonning jasadi esa hali topilganicha yo‘q.

Ma'lumotlarga ko‘ra, «Kardiff» Salaga tijoriy parvoz tashkil qilib berishni taklif qilgan, ammo futbolchi bunga qadar o‘zi boshqa samolyotni buyurtma qilib bo‘lganini aytgan. Parvozni agent Uilli Makkey tashkil etgan, u na samolyot va na uchuvchini tanlashda qatnashmaganini aytmoqda. 

Dastlabki taxminlarga ko‘ra, halokatga noqulay ob-havo sabab bo‘lgan.

Mavzuga oid
Top