08:07 / 01.04.2019
4772

Jazoirda xususiy samolyotlarga mamlakatni tark etish taqiqlandi – OAV

Foto: dankeschon.com.ua

Jazoir fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasi barcha xususiy samolyotlarga mamlakat aeroportlarini tark etishni taqiqlab qo‘ydi. Bu haqda “Al-Vatan” nashri xabar berdi. 

“Bu jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli samolyotlarga hamda mamlakat janubidagi neft konlarida va boshqa aeroportlarda qo‘llanuvchi qurilmalarga taalluqli”, deb yozgan nashr.

Jazoirning TSA axborot portali ma'lumotlariga ko‘ra, tegishli ko‘rsatmalar mamlakatning barcha aeroportlariga 31 mart kuni tarqatilgan. “Bu qaror hukumat tomonidan korrupsiyaga yoki joriy siyosiy inqirozga aloqadorlik bo‘yicha tergovdan qochishga urinuvchi fuqarolarning mamlakatdan qochishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qabul qilingan choralaridan biridir”, deb aytilgan xabarda.

Avvalroq mamlakat prezidenti Abdulaziz Butafliqaga yaqin bo‘lgan tadbirkor Ali Haddod mamlakat tashqarisiga o‘z avtomobilida chiqib ketmoqchi bo‘lganda Tunis bilan chegarada ushlangan. 

Jazoirda 82 yoshli Butafliqa sog‘lig‘idagi muammolarga qaramay 5-prezidentlik muddatiga nomzodini qo‘yishi qaroridan keyin siyosiy inqiroz avj oldi.

Butafliqa 11 mart kuni to‘xtamayotgan norozilik namoyishlariga javoban yangi muddatga o‘z nomzodini ilgari surmasligini e'lon qilgan hamda 18 aprelga belgilangan saylovlarni keyinga qoldirilgan va hukumat iste'fosini qabul qilgan. 

Mavzuga oid
Top